Nukusda madaniyat va san’at muassasalariga Prezident sovg‘alarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan madaniyat va san’at xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, sohani har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi, bu borada qator farmon va qarorlarning qabul qilinishi uni rivojlantirishning yangi bosqichga ko‘tarilishiga asos bo‘lib xizmat qilayotganligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari har bir uchrashuvda madaniyatimiz va san’atimizni rivojlantirish, sohada yechimini kutayotgan dolzarb muammolarga alohida to‘xtalishi bejiz emas. Zero, madaniyati ravnaq topgan va uni qadrlaydigan xalq hamisha hurmatga sazovor bo‘ladi, san’atni sevgan yuksak ma’naviyatli inson buyuk ishlarni qilishga qodirdir.
Tadbirda “Aykulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambliga Prezident sovg‘asi, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan maxsus zamonaviy avtobus, Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatriga “Isuzu” yuk mashinasi, shu bilan birga, 7 ta tuman madaniyat bo‘limiga “Damas” avtomashinasi, 10 ta madaniyat bo‘limiga maxsus uskunalar jamlanmasi topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan faxriylar sohaga qaratilayotgan bunday e’tibor va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik uchun Prezidentga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.