“Telegram” messenjeri asoschisi Pavel Durov 24 avgust kuni kechqurun Parijdagi Le Burje aeroportida qo‘lga olingan. U Fransiyaga kelishidan oldin Putin bilan bir vaqtda Ozarbayjonda bo‘lgan. Rossiya rahbari 18-19 avgust kunlari Bokuga Ilhom Aliyev bilan muzokara o‘tkazish uchun borgan. Uchrashuvda, xususan, Ozarbayjon – Armaniston kelishuvi muhokama qilingan. Telegram asoschisi ham xuddi shu sanalarda ish safari bilan Bokuda bo‘lgani aytildi. Tashrifdan bir necha kun oldin Prezident ma’muriyati vakillari, go‘yoki, Putinga “Telegram” rahbari bilan uchrashishni taklif qilgan. Mamlakat nashrlari Rossiya yetakchisi rad javobini berganini yozgan, biroq sabab ko‘rsatmagan. Bir necha kun o‘tib Fransiya aeroportiga shaxsiy samolyotida qo‘ngan Durov kuch ishlatar tizim vakillari tomonidan hibsga olingan.
Voqeadan xabar topgan Fransiyadagi RF elchixonasi “darhol” vaziyatga oydinlik kiritish uchun zarur choralar ko‘rdi”, deya xabar berdi “TASS” axborot agentligi.
Agentlik suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, Durov vakillaridan elchixonaga yordam so‘rab hech qanday murojaat tushmagan, shunday bo‘lsa-da rossiyalik diplomatlar holat bo‘yicha ish boshlagan. Masalan, Davlat Dumasi spikeri o‘rinbosari Vladislav Davankov Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbariga Durovni ozod qilish masalasida murojaat qilgan.
“Uning hibsga olinishi siyosiy asosga ega bo‘lishi, “Telegram” foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotiga daxl qilish uchun vosita bo‘lishi mumkin”, – deb yozadi RIA Novosti rasmiyning so‘zlaridan iqtibos keltirib.
Durov kamida to‘rt davlat, jumladan Fransiya fuqarosi ekanini yozgan.
Agar u Fransiyada ayblansa, boshqa davlatga ekstraditsiya qilinmasligi ehtimoli bor, chunki rossiyalik milliarder 2021 yil fransuz pasportini olgan. Bunday vaziyatda shaxs hibsga olingan davlat fuqarosi sifatida sudga tortilishi mumkin.
O‘z navbatida, Pavel Durov Rossiya va Ukraina ziddiyati boshlanishi bilan boshqa davlatlar pasportiga egaligini aytib, o‘zini rossiyalik tadbirkor deb atamaslikni so‘ragan. Ma’lumotga ko‘ra, unga nisbatan bosim kuchaygani, “Telegram” messenjerini davlat nazoratga olishni istagani bois boshqa davlatlar fuqaroligini olishga majbur bo‘lgani aytiladi. Rossiya rahbari nima uchun Bokuda tadbirkor bilan uchrashishni xohlamagani sababi balki shu bilan bog‘liqdir?! Hozircha Rossiyadan tashqari uni fuqarolikka qabul qilgan boshqa davlatlar voqeaga munosabat bildirmagan.
Nima sababdan hibsga olingan?
OAV ma’lumotiga ko‘ra, Durov “Telegram” messenjerida sodir bo‘layotgan noqonuniy harakat, xususan terrorizm, giyohvand moddalar savdosi, bolalar pornografiyasini tarqatish, shuningdek firibgarlikda gumon qilinmoqda.
Agar qo‘yilayotgan ayblar tasdiqlansa, Durov 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Rossiyaning Telegram kanallarida Durov hibsga olingan taqdirda “Telegram” jamoasi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi borligi haqida xabarlar ham tarqalgan.
Bryusseldagi yuqori doiralar manbasi hibsga olinish holati YeIning “Raqamli xizmatlar to‘g‘risida”gi qonuni tamoyili va ruhiga to‘liq mos keladi, deya ma’lum qilgan TASSga.
O‘sha hujjatda ijtimoiy tarmoq yoki internet platformasi operatori joylashtirgan har qanday kontenti uchun javobgar bo‘lishi ta’kidlangan. Agar operator jazodan qochmoqchi bo‘lsa, taqiqlangan kontentni olib tashlashi shart. Shu bilan birga mazkur qonunda shaxsiy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagani, faqat yuridik shaxs sifatidagi javobgarlik mavjudligi, jazo “iqtisodiy xususiyatga ega” ekani ta’kidlangan.
Darvoqe, suhbatdosh eslatishicha, fuqaroligidan qat’i nazar, Durov ommaviy axborot vositalari uchun rus bo‘lib qolveradi, bu esa uning Yevropada jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanish imkoniyatini sezilarli darajada pasaytiradi. Durovning advokatlari “qo‘shimcha qiyinchilikka duch kelishi aniq. Zero, ayblovning bir qismi “milliy xavfsizlik” bilan bog‘liqligi xavfsizlik kuchlari vakolatini sezilarli darajada kengaytiradi.
Hozir Yevropada “WhatsApp” messenjer bozorida ustunlik qilmoqda. Masalan, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyada ushbu tarmoqdan aholining 80-90 foizi foydalanadi. “Telegram” hozirgacha Buyuk Britaniyada atigi 3, Gollandiyada 8 foiz qamrovga ega. Italiya va Ispaniyada vaziyat biroz yaxshiroq – aholining 25-32 foizi “Telegram” bilan do‘st. Yevropada ko‘pchilik axborot nazorati va shaxsiy erkinlikni cheklash masalasida hukumat harakatiga shubha bilan qaraydi. Ya’ni, kim bo‘lishidan qat’i nazar, Durovning qo‘lga olinishini odamlar o‘z fikrini erkin ifoda eta oladigan platformalardan birini bostirishga urinish sifatida ko‘rilishi mumkin. Bunday faraz “Telegram” yanada mashhur bo‘lishiga olib kelishi ham mumkin.
Putindan intervyu olgan amerikalik mashhur jurnalist Taker Karlson yodingizda bo‘lsa kerak. U ijtimoiy tarmoq orqali Durov haqida gapirar ekan, Rossiyadan nima uchun chiqib ketganiga to‘xtaldi:
– Telegramni hukumat nazoratga olishni istaganda, Durov rozi bo‘lmay, Rossiyani tark etgandi. Har holda bu ishi, ya’ni erkin va mustaqil fikr ayta olishi uchun odamlarga minbar bergani uchun uni Putin emas, balki Bayden administratsiyasi ittifoqchisi, NATOning faol a’zosi bo‘lgan g‘arb davlati hibsga oldi. Mana, u Fransiya turmasida o‘tiribdi. Bugungi kunda hukumat senzurasiga qarshilik qilgan, xavfsizlik xizmati talabini bajarmagan har qanday platforma egasi shu holga tushishi mumkin.
K.Bekjonov, O‘zA