Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzishga oid masala ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Saylov kodeksiga muvofiq, partiya ro‘yxati asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuziladi.

Shunga ko‘ra, majlisda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan «E-saylov» axborot tizimi orqali yuborilgan taqdimnomaga asosan Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 39 ta chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkalari tuzilishi belgilandi.

Xorijdagi vatandoshlarimiz proporsional saylov tizimi asosida ovoz beradi. Shunga ko‘ra, chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarimiz huzuridagi saylov uchastkalarida saylovchilarga saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning nomlari yozilgan byulleten taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzuridagi saylov uchastkalari Toshkent shahri hududiga biriktirildi. Markaziy saylov komissiyasi mazkur saylov uchastkalarini zarur jihozlar bilan ta’minlash choralarini amalga oshiradi.

Muhtarama Komilova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA