Jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratishda xotin-qizlarning faolligini qo‘llab-quvvatlash, farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirishda jamoatchilikka, eng avvalo, yoshlarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata oladigan e’tiborli va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, faol va tashabbuskor ayollarning sa’y-harakatlarini birlashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Shu jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 avgustdagi “Oqila ayollar” harakati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur qaror asosida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari hamda tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlarida doimiy faoliyat yurituvchi jamoatchilik tuzilma – “Oqila ayollar” harakati tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlarida “Oqila ayollar” harakati tashkil topganiga ikki yil to‘lishi munosabati bilan “Ayol – qadriyatlar davomchisi” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Mana shunday tadbirlarning biri Amudaryo tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan Do‘rman ovulida tashkil qilindi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda so‘zga chiqqanlarning qayd etganidek, ayollar jamiyatning asosiy tayanchi hisoblanadi. Ularning roli har bir millatning madaniy va ma’naviy merosini saqlashda muhimdir. Ular nafaqat oila davomchilari sifatida, balki milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ularni kelajak avlodlarga yetkazishda ham asosiy o‘rin egallaydi.
Qilichboy ovulida o‘tkazilgan tadbirda hududdagi madaniyat markazi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari hamda maktablar o‘quvchilari ijrosida Vatan, onalik va bolalik tuyg‘ulari, tinch va osoyishta yurtda baxtiyor yashash zavqi tarannum qilingan qo‘shiqlar kuylanib, raqslar ijro qilindi. Ko‘rgazmalarda esa ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan qadimiy urf-odat va an’analar namoyish qilindi.
“Ayol – qadriyatlar davomchisi” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tumanning boshqa ovul va mahallalarida ham davom etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.