Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida bir guruh nuroniylarni, shuningdek, quruvchilar hamda tadbirkorlarni kasb bayrami munosabati bilan taqdirlash marosimi bo‘ldi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, nuroniylar va mehnat faxriylari, turli soha vakillarini yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘, eng aziz bayram – yurtimiz mustaqilligining 33 yilligi bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. Yaqinda mamlakatimizning turli sohalarida ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan, farzandlarimizni jamiyat oldida mas’uliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona-Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bag‘ishlagan bir guruh nuroniylar ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek quruvchilar bayrami hamda Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori asosida mukofotlangan edi.
Tadbirda nuroniylarga I, II, III darajali “Mehnat faxriysi”, quruvchilar bilan tadbirkorlarga “Ardoqli nuroniy”, “Ibratli ayol”, “Vatan fidoyisi” hamda “Umid uchquni” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir san’at ustalarining konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.