Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlarida ham “Mahalla obod – yurt obod” shiori ostida umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Ikki kun davom etadigan tadbirdan ko‘zlangan maqsad, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligini munosib kutib olish, mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, ziyoratgohlar va qabristonlar va boshqa joylarni obodonlashtirishdan iborat.
O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida tashkil etilgan shtab a’zolarining ta’kidlashicha, xayriya hasharining birinchi kuni 517 ming 269 nafar, shundan 189 ming 316 nafar yosh ishtirok etdi. Ular tomonidan 1 ming 772 gektardan ortiq maydon obodonlashtirilib, 1 ming 503 tonnadan ziyod chiqindi chiqarib tashlandi. Shuningdek, 1 ming 19 kilometr uzunlikdagi ariq va lotok tozalandi. 303 ta qabriston, 24 ta ziyoratgoh tartibga keltirildi. 126 ming 500 dan ziyod daraxt oqlanib, ularga shakl berildi.
Xayriya hashari davomida 744 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaning uy-joylari ta’mirlandi. 12 ming 355 ta kam ta’minlangan oilaning tomorqa maydonlari tartibga keltirildi. 794 ta ehtiyojmand oila, shu jumladan, nogiron va yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olinib, ularga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.