Samarqand xalqaro turizm markazidagi kongress-xollda “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi renessans poydevori” VIII xalqaro kongressining tantanali ochilish marosimi boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman qatnashchilariga tabrigini Prezident maslahatchisi X. Sultonov o‘qib eshittirdi.
Prezidentimiz tabrigida O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida 70 jildlik kitob-albomlar nashr qilinib, yurtimiz va chet ellardagi eng mashhur kutubxonalar, oliygoh va muzeylar, nufuzli ilm-ma’rifat maskanlariga yetkazib berilganini ta’kidlandi.
Ana shu ishlarning davomi sifatida anjuman kunlarida mazkur turkumdagi yana o‘nta yangi jild taqdimoti o‘tkazilishi ham muhim madaniy hodisa, deya e’tirof etilgan.
– Avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yo‘llangan tabrik uchun ishtirokchilar nomidan o‘z tashakkurimizni bildiramiz, – dedi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov. – Bunday ishonch mahalliy va xorijlik olimlarni katta kuch bilan ishlashga da’vat etadi. Mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish bo‘yicha ulkan ishlar qilinmoqda Ilm-fan, ta’lim va madaniyat rivojlanmoqda. Bundan 7 yil muqaddam ana shu ezgu maqsadlarni amalga oshirish uchun Prezidentimiz farmoni asosida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil qilingan edi. Bugun bu boradagi ishlar o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlash kerakki, 23-26 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamda «Eriell Group» neft xizmatlari kompaniyasi bilan hamkorlikda VIII xalqaro kongressi tashkil etilmoqda. Uning asosiy maqsadi esa Yangi O‘zbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi taraqqiyot yo‘li, yangi yuksalish davrida erishilayotgan yutuqlar va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni targ‘ib etish, xalqimizning boy madaniy va ma’naviy merosini o‘rganish, asrab-avaylash hamda ommalashtirishda mahalliy olimlar va xalqaro ilmiy ekspertlar hamjamiyati bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari