Poytaxtimizda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) xalq diplomatiyasi markazi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi hamkorligida “Markaziy Osiyo ovozi: milliy makondan mintaqaviy makon sari” mavzuida Markaziy Osiyo davlatlari jurnalistlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston va tojikistonlik ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda mehmonlar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarixi muzeyi eksponatlarini ko‘zdan kechirdi. O‘zMTRK mediamarkazida telekanallar, jumladan, “O‘zbekiston tarixi” telekanali uchun turli dastur va ko‘rsatuvlar yozib olishga mo‘ljallangan studiyalarda jurnalist va texnik xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Ular o‘zbekistonlik hamkasblari bilan tajriba almashish imkoniyatlariga ega bo‘ldi. Tadbir yakunida ishtirokchi davlatlar vakillariga “O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi zamon bilan hamqadam” kitobi tuhfa etildi.
Shundan so‘ng mehmonlar “Tashkent city mall”, uning hududida tashkil etilgan “Jadidlar. Turkistonga maktublar” multimedia ko‘rgazmasi, poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA