Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Finlyandiya milliy ta’lim agentligi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda Finlyandiya ilhomlantirilgan ta’lim tizimini rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida inklyuziv ta’limga oid tadbir tashkil etdi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida o‘tkazilgan seminarga Finlyandiya milliy ta’lim agentligi mutaxassislari tomonidan inklyuziv ta’lim jarayoniga jalb etilgan pedagoglar taklif etildi.
Mazkur seminarga Toshkent shahri, Jizzax, Andijon va Qashqadaryo viloyatlaridan inklyuziv ta’lim joriy qilingan umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan 80 nafar pedagog jalb qilindi.
Seminar davomida Finlyandiya milliy ta’lim agentligi mutaxassislari
“Inklyuziv ta’lim sari: Yakuniy yondashuv, inklyuziv ta’limda maktabning ishtiroki” mavzusida ishtirokchilarga Finlyandiya tajribasi to‘g‘risida ma’lumotlar bermoqda.
“Ta’lim barcha uchun” tamoyili asosida 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab respublika bo‘yicha tajriba-sinov tariqasida 31 ta umumta’lim maktablarida inklyuziv sinflar tashkil etilib, ularga 122 nafar alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar jalb qilingan.
2023-2024 o‘quv yili yakuni bo‘yicha inklyuziv ta’lim joriy etilgan umumta’lim maktablari soni 530 tani, ulardagi o‘quvchilar soni esa 1 ming 190 nafarni tashkil etmoqda.
–O‘zbekiston va Finlyandiya qo‘shma loyihasi bo‘lgan ushbu seminar juda ahamiyatli, – dedi Maktabgacha ta’lim vazirligi Inklyuziv ta’lim va “Mehrli maktab” loyihasini rivojlantirish bo‘limi mas’ul xodimi Abdurasul Abdug‘aniyev. – “Ta’lim barcha uchun” tamoyili maktablarda zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan.
Inklyuziv ta’limga oid seminar 23 avgustga qadar davom etadi.
N.Usmonova,
O‘zA