Qadrli vatandoshlar, hurmatli tadbirkorlar, anjuman ishtirokchilari!
O‘tgan yilgi uchrashuvimizda navbatdagi ochiq muloqotni Nukus shahrida o‘tkazish haqida kelishib olgan edik. Bugun Vatanimizning shimoliy darvozasi bo‘lgan Qoraqalpog‘istonda sizlar bilan diydor ko‘rishib turganimdan g‘oyat xursandman.
Kecha bu yerda yangi-yangi korxonalar, ta’lim va tibbiyot maskanlari, mahalladagi o‘zgarishlar bilan tanishdim. Butun mamlakatimizda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni Qoraqalpog‘iston misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Bugun qanday tahlikali va murakkab zamonda yashayotganimizni barchamiz ko‘rib turibmiz. Shunga qaramasdan, iqtisodiyotimiz barqaror o‘sib borayapti. Buni dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar yetakchilari e’tirof etmoqda. Yaqinda Xalqaro valyuta jamg‘armasi mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshganini tasdiqladi.
Islohotlarimizning birinchi kunlaridanoq siz hurmatli tadbirkorlar bilan yelkama-yelka turib, doim muloqotda bo‘lib birgalikda ishlamaganimizda, bunday natija bo‘larmidi? Yo‘q, albatta.
Shunday yuksak marraga erishishda ilg‘or texnologiyalar asosida zamonaviy korxonalar ochayotgan, yuz minglab yangi ish o‘rinlarini yaratayotgan va dunyo bozorlariga jadal kirib borayotgan siz azmu shijoatli tadbirkorlarning hissangiz beqiyos ekanini xalqimiz yaxshi biladi.
Rivojlangan davlatlarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan, katta-katta natijalari bilan yurtimiz nomini chet elliklarga tanitayotgan ko‘plab vatandoshlarimiz bor. Bugungi uchrashuvimizda ham 40 nafardan ziyod ana shunday vatanparvar, ishbilarmon biznes vakillarini ko‘rib xursand bo‘ldim.
Kuni kecha ilg‘or biznes vakillaridan 37 nafarini orden va medallar bilan, 104 nafarini “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirladik.
Fursatdan foydalanib, Vatanimizning mana shunday yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan barcha tadbirkorlarimizni chin dildan tabriklayman!
Barcha-barchangizga fidokorona mehnatingiz uchun o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman!
Sizlar yangilik yaratishdan, tashabbus ko‘rsatishdan charchamanglar. Sizlarni qo‘llab-quvvatlashga, yanada qulay sharoitlar yaratib berishga men doim tayyorman!
Hurmatli tadbirkorlar!
Bu safargi ochiq muloqotimiz yil mobaynida davom etdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Prezidentdan boshlab Bosh vazir, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman – barcha-barcha rahbarlar yil bo‘yi tadbirkor bilan doimiy muloqotda bo‘ldi.
Tasdiqlangan rejadan tashqari, tadbirkorlar ko‘targan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qo‘llab-quvvatlandi, 8 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar rivoji, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun yana 18 trillion so‘m yo‘naltirildi. Eng muhimi – mahalladagi mikro loyihadan tortib, mega loyihagacha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi.
Berilayotgan imkoniyatlar hisobiga nima o‘zgardi? Mana bu raqamlarga e’tibor bering.
Ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning o‘zidayoq to‘xtab qolar edi.
Hozir-chi? Bugunga kelib, uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk bor 300 mingtaga yetdi. Yana 100 mingdan ziyod shunday yakka tartibdagi tadbirkorlar bor.
Bu yilning o‘zida tadbirkorlarning tovar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 986 trillion so‘mga yetdi. Yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘rta korxonalar 2 karra ko‘paydi. Aylanmasi 100 milliard so‘mdan ortiq yirik korxonalar esa 2 ming 200 tadan oshdi. Bu ham – o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar ko‘p bo‘ldi.
Soliq, bank, moliya, butun iqtisodiyot kompleksini “mahallabay” va “mijozbay” ishlashga o‘rgatganimiz natijasida oldin zarar bilan ishlagan 16 ming korxona yarim yilda 6,5 trillion so‘m foydaga chiqdi.
Bugungi kunda 100 tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yaqinlashib, ulardagi ish o‘rni bir yilda 440 mingga ko‘paydi. Ushbu korxonalardagi ishchilar soni 1,7 millionga yetdi.
Xususiy sektorda 5 million so‘mdan ko‘p maosh oladigan ishchilar 1 milliondan oshdi. Shundan 370 minggi 10 million so‘mdan ziyod oylik oladi.
Bular nimadan dalolat beradi? Tadbirkorlarimiz “soyada” ishlashdan ko‘ra, qonuniy faoliyat, sog‘lom raqobatni manfaatli, deb bilayapti.
Boshqa bir misol. Tadbirkorlik reytingida “A” va “B” – yaxshi toifaga kiruvchi korxonalar 91 mingga ko‘paydi, yana 170 ming korxona “D” – eng yomon toifadan chiqarildi.
Buning hisobiga, soliq tekshiruvlari o‘tgan yilga nisbatan 2 karra – 85 mingtadan 48 mingtaga, jumladan, kameral tekshiruvlar 3 karra – 38 mingtadan 12 mingtaga qisqardi. Shu davrda yirik soliq to‘lovchilar tushumlari 10 foizga, viloyat darajasidagi korxonalarda 25 foizga, tuman tadbirkorlari to‘layotgan soliqlar 40 foizga o‘sdi.
Nima uchun bu raqamlarni aytyapman?
Chunki, “tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – soliq to‘laydi”, degan qarash bilan ish yurmasligini hamma, ayniqsa, soliqchilar tushunib yetdi. Sodda qilib aytganda, mansabdorlarni tadbirkor bilan “siz” deb gaplashishga o‘rgatib, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha tub burilish yasadik.
Olti oyda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2 karra o‘sib, 14 milliard dollarga yetdi. Bu – investorlarning O‘zbekistonda biznes qilishga ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Aziz yurtdoshlar!
Hozir aytilgan raqamlarning birortasi 33 yillik tariximizda bo‘lmagan. Bularning barchasi sakkiz yil oldin sizlar bilan o‘zaro ishonch asosida boshlagan islohotlarimizning ilk nishonasi!
Hali imkoniyatlarimiz bundan karra-karra ko‘p. Eng muhimi, ularni ishga solishga qodir bo‘lgan sizlardek vatanparvar va jonkuyar tadbirkorlarimiz bor.
Aholimiz soni 38 millionga yaqinlashib borayapti, ularning daromadi ham kundan-kunga ko‘paymoqda. Qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarimiz misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi. Mamlakatimiz mahalliy korxonalar uchun ham, chet el kompaniyalari uchun ham katta bozorga, mintaqadagi sanoat xabiga aylanib ulgurdi.
Hozirgi murakkab sharoitda barcha davlatlar o‘z yurtidagi ishlab chiqaruvchilarni himoya qilishni ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rayapti. Biz ham raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha tadbirkorlarimizni yanada keng qo‘llab-quvvatlaymiz.
Bugun ham tadbirkorlik uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha muhim yangi tashabbuslar bilan o‘rtoqlashaman.
Birinchi yo‘nalish – kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy resurslarni ko‘paytirish.
O‘tgan yili kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun yangi tizim joriy qildik. Bu borada Biznesni rivojlantirish banki va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilib, yil boshidan 35 mingdan ortiq tadbirkorlarga o‘rtacha 100 million so‘mdan jami 3,5 trillion so‘m mikrokreditlar ajratildi.
Bundan tashqari, “Biznesga birinchi qadam” dasturi bo‘yicha tadbirkorlikni endi boshlayotgan 115 ming aholiga 1 trillion so‘mlik mikroqarzlar berildi.
Ushbu tajriba o‘z samarasini ko‘rsatdi va buni yanada kengaytiramiz.
Birinchidan, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Masalan, 100 million so‘mgacha mikrokredit bor-yo‘g‘i 9 foiz tadbirkorlarning ehtiyoji uchun yetarli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shu bois, mikrokreditlar miqdori 3 karra oshirilib, 300 million so‘mga yetkaziladi. Bunda kreditning 100 million so‘mgacha bo‘lgan qismiga garov talab qilinmaydi. Bu maqsadga bir yilda 10 trillion so‘m beriladi.
Endi Tadbirkorlik kompaniyasining filiali har bir viloyatda tashkil qilinadi. Kompaniya va uning filiallari hududlarda salohiyati bor tadbirkorlarni aniqlaydi. Kompaniya kafilliklari yaxshi kredit tarixi va yuqori barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlarga beriladi.
Endi tadbirkorlarning bankdagi 200 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘lari kafolatlanadi. Bu – davlat tadbirkorlar hisobraqamidagi 7 trillion so‘m mablag‘ bilan bog‘liq xavf-xatarlarni o‘z zimmasiga oladi, degani.
Ikkinchidan, xabaringiz bor, mikromoliya bozori uchun yo‘l ochib berildi. Masalan, o‘tgan yetti oyda 91 ta mikromoliya tashkiloti 6,6 trillion so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatdi va yil yakunigacha bu raqam 12 trillion so‘mga yetkaziladi.
Biz mikromoliya xizmatlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz. Ularga joriy yildagi 1,6 trillion so‘mga qo‘shimcha 1 trillion so‘m resurs ajratiladi.
Bundan tashqari, Mikrokreditbank ham o‘zining mikromoliya tashkilotlari orqali yil yakunigacha yana 1 trillion so‘m jalb qiladi.
Shu bilan birga, ustav kapitali kamida 50 milliard so‘m bo‘lgan mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Ushbu banklar kredit portfelining kamida 70 foizi kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Mikromoliya banklari tadbirkorga 5 milliard so‘mgacha kredit beradi.
Ular aholidan 200 million so‘mgacha omonat jalb qilishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, mikromoliya tashkilotlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Bu tashkilotlar tomonidan tadbirkorlarga xorijiy valyutada xizmat ko‘rsatish va litsenziya asosida to‘lov tashkiloti sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.
Uchinchidan, hozir ko‘p eksportchilar yirik xorijiy savdo tarmoqlariga 3-4 oy kechiktirib to‘lash sharti bilan mahsulot yetkazib berayapti. Uzluksiz ishlab chiqarish uchun korxonalarda aylanma mablag‘ga ehtiyoj oshayapti. Lekin hamma tadbirkorda ham yangi kredit olish, uning uchun garov topish imkoniyati yo‘q.
Bunda tadbirkordan garov talab qilmaydigan eng qulay vosita bu – faktoring.
Eksportchilar hozir valyutada faktoring olish uchun chet el banklari xizmatidan foydalanib kelayotganidan xabarim bor.
Xalqaro moliya korporatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda 10 milliard dollarlik faktoring xizmatiga talab bor. Hozir bu xizmatni faqat banklar, mikromoliya tashkilotlari ko‘rsatayapti. Shuning uchun o‘tgan yili atigi 578 milliard so‘mlik faktoring xizmati ko‘rsatilgan.
O‘tgan hafta faktoring bozorini rivojlantirish bo‘yicha farmon imzoladim. Bundan buyon bank bo‘lmagan yangi institut – faktoring tashkiloti uchun yo‘l ochiladi.
Ular xorijiy valyutada ham xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Bu jarayonda qatnashadigan bank, mikromoliya, faktoring tashkiloti va tadbirkorlar foydalanadigan alohida elektron platforma ishga tushiriladi. Ya’ni, tadbirkor undan o‘ziga qulay moliyaviy mahsulotni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Umuman, faktoringni ommalashtirish hisobidan tadbirkorlarga aylanma uchun 20 trillion so‘m, eksportchi korxonalarga 1 milliard dollar qo‘shimcha moliyaviy resurslar paydo bo‘ladi.
To‘rtinchidan, o‘tkazilgan so‘rovda tadbirkorlarning 38 foizi islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirgan. O‘tgan oyda mikromoliya tashkilotlariga islomiy shartlar asosida xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi.
Hozir yangi qonun loyihasi tayyor bo‘ldi. Parlamentimiz a’zolaridan loyihani tez muddatda ko‘rib chiqishlarini so‘raymiz. Undan keyin, islom moliyasi bilan banklar ham ishlashi mumkin bo‘ladi.
Bunday yangi moliyaviy xizmatlar taqdim etilishi ko‘p investorlar kirib kelishi va 5 milliard dollarlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishiga turtki beradi.
Beshinchidan, 9 ta davlat banki bergan kreditning 92 trillion so‘mi yoki 30 foizi 10 ta yirik davlat korxonasiga to‘g‘ri keladi.
Biz yirik korxonalarni transformatsiya qilayapmiz. Ularni moliya bozorlariga mustaqil chiqib, o‘zi mablag‘ jalb qilishga o‘rgatayapmiz. Masalan, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati 1 milliard dollardan ortiq yevrobondlarni chiqardi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati ham chetdan o‘zi ana shunday mablag‘ olib kelishga tayyorgarlik ko‘rayapti.
Endi davlat jalb qilgan mablag‘larni yirik korxonalarga berish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechamiz. Bunday mablag‘larni berish ikki yil ichida kamida 40 foizga qisqaradi. Banklar buning hisobidan kamida 30 trillion so‘mni xususiy biznesga yo‘naltiradi.
Ikkinchi yo‘nalish – biznesni infratuzilma, yer va energiya bilan ta’minlash.
Ochiq muloqot doirasida kelib tushgan 11 mingta murojaatdan 2 mingtasi yer va infratuzilma bilan bog‘liq. Joylarda o‘tkazilgan so‘rovda ham 55 foiz tadbirkor elektr energiyasi, gaz ta’minotida, tarmoqqa ulanishda muammo borligini aytgan.
Bilasizlarmi, mamlakatimizdagi 44 million 800 ming gektar yerning bozor qiymati hisoblansa, aholi va tadbirkorlarda qanchadan-qancha “iqtisodiy aktiv” paydo bo‘ladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yer va mulkka yondashuvlarimiz butunlay o‘zgardi, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha katta amaliy ishlar qilindi. Lekin yerdan investitsiya sifatida foydalanish tizimi hali orqada. Xususan, Toshkent shahri tumanlari va Buxoro viloyatida bu masala tadbirkorlar, tuman hokimlari bilan ko‘p muhokama qilindi. Hozir bu masalaning yechimlarini aytib o‘tmoqchiman.
Birinchidan, yer bozori shakllanishi ta’sirida yangi investitsiya loyihalarida yer sotib olish xarajatlari keskin oshayapti. Infratuzilma yo‘q joylarda ham 1 gektar yerning boshlang‘ich narxi 500-600 million so‘m, sanoat uchun qulay hududlarda 4-5 milliard so‘mga chiqib ketdi. Tadbirkor yerga buncha katta xarajat qilganidan keyin qurilish, texnika va uskunaga mablag‘i yetmay qolayapti.
Endi tadbirkor auksiondan yer sotib olganda, unga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblash bekor qilinadi.
Ayrim hududlarda auksionda olingan yer uchun to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash (2 yildan 7 yilgacha) tizimini joriy qilgan edik. Endilikda Toshkent shahri va viloyat markazlarida sotilgan yer bo‘yicha xarid summasini uch yilgacha, qolgan hududlarda besh yilgacha, 4- va 5-toifa tumanlar uchun esa o‘n yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Kelgusida tadbirkorlar darhol to‘lov qilaman desa, buning uchun 20 foizgacha chegirma beriladi. Bunday tartib bino va inshootlarni xususiylashtirish jarayonida qo‘llanilmoqda.
Shuningdek, yirik loyihalarni amalga oshirish jarayonida yer qiymatini tadbirkor ustav fondiga davlat ulushi sifatida kiritish mumkin bo‘ladi. Tadbirkor istagan paytda bu ulushni o‘zi sotib olishi mumkin. Bu orqali shu yilning o‘zida tadbirkorlar ixtiyorida 3 trillion so‘m qoladi.
Ikkinchidan, qancha-qancha tadbirkorlar yeri yo‘qligi uchun yangi loyihalarni amalga oshira olmayapti. Aksincha, “auksiondan sotib oldim, endi mening mulkim” deb, yerni qarovsiz tashlab qo‘ygan “uddaburonlar” ham ko‘p.
Yer – eng cheklangan resursimiz va u doim iqtisodiy naf keltirishi kerak. Shu bois, yangi yerlarni ajratishda binolarni loyihalashdan ob’ektni topshirishgacha bo‘lgan muddatlar majburiy ko‘rsatiladi.
Bunda qurilish davrida yer solig‘i bo‘yicha 50 foiz imtiyoz beriladi (viloyat markazlaridan tashqari), qurilishga ruxsat olish muddati davlat organi aybi bilan o‘tkazib yuborilsa, qurilish vaqti shu muddatga uzaytirib beriladi. Qurilish ishlari muddatida bo‘lmasa, yer sud orqali qaytarib olinadi yoki boshqa tadbirkorga sotiladi.
Uchinchidan, qishloq va noqishloq joylarda yer fondi doirasida bir faoliyatdan boshqasiga o‘zgartirish tartibi aniq belgilanmagan. Masalan, bog‘ o‘rnida issiqxona tashkil qilaman degan tadbirkor ishni nimadan boshlashni, kimga murojaat qilishni bilmaydi. Yoki tadbirkor o‘zining bog‘ida tomchilatib sug‘orish uchun hovuz, kichik sig‘imli saralash va saqlash omborini qura olmaydi.
Shu bois, har bir yer uchastkasi uchun asosiy faoliyat turini qaysilariga almashtirish mumkinligi, qanday yordamchi inshootlarni joylashtira olishi aniq belgilab beriladi.
Buning uchun 1 yanvardan yer uchastkalari va kapital qurilish ob’ektlarining yagona klassifikatori joriy etiladi.
Mana shu yangilik hisobidan tadbirkorlar bir yilda o‘z yeriga 800 milliard so‘mlik investitsiya kiritadi.
Bulardan tashqari, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik, pillachilik sohalari, meva-sabzavotni qayta ishlovchilarga ular joylashgan bino-inshootlar ostidagi yerlar uchun sanoat toifasi stavkasida yer solig‘i hisoblanayapti. Qishloq xo‘jaligi yerlari uchun gektariga o‘rtacha 500 ming so‘m, sanoat yerlari uchun hududiga qarab 27 million so‘mdan 44 million so‘mgacha soliq hisoblanmoqda. Klassifikatorni joriy qilish orqali ular ham qishloq xo‘jaligi yerlari kabi soliq to‘lashga o‘tadi.
Bu orqali nafaqat murojaat qilgan 795 ta tadbirkorning, balki barcha 103 ming qishloq xo‘jaligi korxonalarining masalasi hal bo‘ladi.
To‘rtinchidan, barcha sanoat korxonalari elektr va gaz bo‘yicha o‘rnatilgan limit oshib ketsa, to‘lov 2 karra ko‘p undirilayotganidan norozi bo‘layapti.
Sanoatimizning o‘sishiga ta’sir qiladigan bunday cheklovlar qisqartiriladi. Endi elektr va gaz iste’moli limitdan 20 foizgacha oshib ketsa ham, bazaviy tarif saqlanib qoladi. Agar iste’mol 20 foizdan o‘tib ketsa, oshgan qismiga to‘lov 20 foiz qimmatlashadi.
Tadbirkorlik reytingida “yuqori”, “o‘rta” toifadagi korxonalarga elektr uchun oldindan to‘lovni bir oyda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Byudjetdan, kredit to‘lovidan va boshqa xizmatlar bo‘yicha qarzi bor tadbirkorlarning hisobraqamiga “inkasso” qo‘yilgani uchun ular elektr, gaz va suv uchun to‘lov qila olmayapti. Vaholanki, ishlab chiqarish to‘xtamasa, qarzdorlik tezroq uziladi.
Endi “inkasso” qo‘yilgan taqdirda ham kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar to‘xtatilmaydi.
Uchinchi yo‘nalish – ichki bozorda teng raqobat muhitini yaratish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish.
Joriy yilning yetti oyida eksportimiz 13 foizga o‘sib, 10 milliard dollardan oshdi, avval eksport qilmagan 1 ming 610 ta korxona tashqi bozorlarga chiqdi. Bunday korxonalar soni 6 mingdan oshdi.
Biz mahalliy korxonalarni tashqi bozorga chiqishini qo‘llab-quvvatlashni izchil davom ettiramiz.
Birinchidan, Jahon savdo tashkilotiga 2026 yilda a’zo bo‘lish uchun katta qadamlarni qo‘yyapmiz. Ushbu tashkilotga kirish – chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarimizning ajralmas bir qismi.
Lekin ayrimlar bunga shubha bilan qarayapti, boshqalar “korxonalar sinadi, import bosib ketadi” degan xavotir bilan yuribdi.
Bir narsani tushunish zarur, bu borada import bojlari ishlaydi. Shuning uchun tashkilot a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazayapmiz. Hozirgacha Yaponiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Braziliya kabi 17 ta a’zo davlatlar bilan kelishuvga erishilgan.
Ertangi kunimiz – bu teng raqobat muhiti va eksportga qaratilgan sanoat va savdo siyosati. Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi. Chunki xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga qo‘shilmasak, iqtisodiy o‘sish biz kutgandek bo‘lmaydi.
Birgina misol, yon qo‘shnilarimizning yillik importi 90 milliard dollar. Ulardagi ulushimiz esa atigi 4 foiz yoki 3,5 milliard dollarni tashkil qiladi.
Yana bir misol, MDH doirasida erkin savdo rejimini o‘rnatganmiz, Hamdo‘stlikka kirmagan davlatlar esa 10 foizdan 20 foizgacha bojxona boji to‘laydi. Lekin MDHdagi 500 milliard dollarlik importda bizning hissamiz 2 foizga ham bormaydi.
Demak, raqobat borasida biz hali ancha ishlashimiz zarur.
Bu borada katta islohot boshlab, ikki oy oldin alohida farmonni imzoladim. Metallurgiya, kimyo, energetika va telekommunikatsiya tarmog‘ida eksklyuziv huquqlar bekor qilindi. Misol uchun, endi barcha teng sharoitda qora va rangli metall lomini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Korporativ xaridlarda ishlab chiqarish uchun olinadigan mahsulotlarga ham narx ustuvorligi bekor qilinadi, bunda albatta mahsulot tannarxi pasayadi.
Bundan buyon hech kimda alohida huquq bo‘lmaydi, xoh davlatning strategik korxonasi bo‘lsin, xoh xususiy korxona yoki xorijiy investor bo‘lsin, iqtisodiyotda barcha teng sharoitda ishlaydi.
Bundan tashqari, tashkilotga a’zolik xalqaro tranzit yuk tashishda ortiqcha to‘lov yoki cheklovlardan xalos qiladi. Albatta, bu – raqobatdosh bo‘lishimizga yana bir turtki beradi.
Umuman, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish, tashqi bozorlarda munosib o‘rin topish uchun xalqaro standartlarga o‘tish kerak. Oddiy misol, pestitsidlar nazoratini yo‘lga qo‘ymas ekanmiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 2030 yilgacha 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha belgilagan marramizga erisha olmaymiz.
Yetishtirayotgan mahsulotlarimiz, bu yilgi piyoz va tarvuzga o‘xshab, bozorini topolmasdan nobud bo‘laveradi.
Shu bois, bu yil oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha qonunni qabul qilamiz. Bu orqali karantin, veterinariya, sanitariya nazorati va standart tashkilotlarining takrorlovchi vakolatlari qisqaradi, tadbirkorlarni qayta-qayta tekshirishga chek qo‘yiladi.
Tarif va notarif choralarni jahon savdosi talablari asosida tartibga solish bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari J.Xodjayev boshchiligidagi idoralararo komissiyaga vaqtinchalik vakolat beriladi. Bunda tadbirkorlar nomidan Savdo-sanoat palatasi aniq masala qo‘yadigan tizim yaratiladi.
Ikkinchidan, o‘tgan yilgi uchrashuvimizdan keyin 309 ta korxonaga 280 million dollar eksportoldi kreditlari ajratildi. Ushbu korxonalar hozirgacha 625 million dollarlik eksport qildi. Bu raqamni yil yakunigacha yana ikki karra oshirish bo‘yicha hisob-kitob qilingan.
Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida yana 122 ta eksportchini 145 million dollarlik aylanma mablag‘ga ehtiyoji borligi aniqlandi. Shu bois, tarmoqlarni rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘dan 200 million dollari eksportoldi moliyalash uchun yo‘naltiriladi. Shundan 50 million dollari bank kreditlari uchun kafillikka beriladi.
Bu mablag‘lar hisobidan bir yil ichida qo‘shimcha 1 milliard dollarlik eksport amalga oshiriladi.
Uchinchidan, hozirgi geosiyosiy jarayonda Yevropaga an’anaviy transport marshrutlari bo‘yicha yuk tashish cheklandi. Tranzit davlatlar o‘z tashuvchisini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonga berilayotgan ruxsatnomalar sonini 3 barobargacha kamaytirdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, transport korxonalarida 28 ta davlat bo‘yicha 20 mingdan ortiq ruxsatnomalar ishlatilmasdan turibdi. Transport vaziri I.Mahkamovga bir oy muddatda ruxsatnomalardan foydalanish bo‘yicha ochiq-oshkora tizimni yaratish topshiriladi.
Bunda “Ye-logistika” platformasi ishga tushirilib, eksportchilar uchun qaysi korxonada qancha ruxsatnoma borligini ko‘rish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoni yaratiladi.
To‘rtinchidan, import o‘rnini bosadigan va eksportbop mahsulotlarni ko‘paytirish uchun zamonaviy texnologiyalar zarur.
Bunday asbob-uskunalarga buyurtma berib, olib kelishga ko‘p vaqt ketishi tabiiy. Lekin, amaldagi tartib bo‘yicha shartnoma muddatidan qat’i nazar sotib olingan uskuna 180 kunda yetib kelmasa, muddati o‘tgan debitor qarzdorlik yuzaga keladi.
To‘g‘ri, bunday holatlarda jarima qo‘llash amaliyotini bekor qilganmiz. Lekin tadbirkorlar uskuna kelmaguncha boshqa import shartnomalariga to‘lovni amalga oshira olmaydi, oldindan to‘lovsiz eksport qilishi mumkin emas, davlat tomonidan belgilangan imtiyoz va subsidiyalardan foydalanishi cheklangan. Hozirda 2 mingdan ziyod korxonada shunday muammo bor.
J.Xodjayev, J.Qo‘chqorov, M.Nurmuratov shuni e’tiborga olsinki, endi chetdan uskuna va butlovchi qism olib kelish jarayonida shartnoma muddati buzilmasa muddati o‘tgan qarzdorlik yuzaga kelmaydi.
Ko‘p tadbirkorlar eksport bo‘yicha qo‘shimcha qiymat solig‘ini qaytarishda ortiqcha to‘siq borligini aytayapti. Soliq va bojxona xizmatlarining axborot tizimlari bir-biriga ulangan bo‘lsa-da, eksportni tasdiqlaydigan hujjat talab etilayapti.
Bundan buyon bojxona organining eksportni tasdiqlovchi elektron ma’lumoti qo‘shimcha qiymat solig‘ini qaytarish uchun asos bo‘ladi, boshqa ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi.
J.Qo‘chqorov, Sh.Qudbiyev, A.Mavlonov bir oy muddatda ushbu tizim to‘liq ishga tushirilishi uchun shaxsan mas’ul bo‘ladi.
Bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, saralash, qayta ishlash uskunalari va butlovchi qismlari olib kelinganda sertifikat olish uchun uch oy vaqt ketayapti. Sababi, hududlarda sinovlarni to‘liq qamrab oladigan laboratoriyalar yo‘q. Hamma poytaxtga kelishga majbur.
Namanganlik ishlab chiqaruvchilar bu borada to‘g‘ri masalani ko‘tarayapti.
Bosh vazir A.Aripov bu masalani shaxsan o‘zi nazoratga olib, yil yakuniga qadar Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida sinov laboratoriyalari tashkil etilishini ta’minlaydi.
Yana bir masala – hozir tadbirkorlar elektron hisob-faktura va tovar-transport yuk xatini alohida 2 ta hujjat sifatida rasmiylashtirayapti. Tadbirkor yuk xatiga 49 ta ma’lumotni majburiy kiritishi kerak.
Hamma sohaga raqamlashtirish kirib kelgan bir paytda bunday amaliyotning nima keragi bor?
Endi, bu hujjatlar yagona shaklga keltiriladi va faqat 4 ta ma’lumot kiritishning o‘zi yetarli bo‘ladi.
Beshinchidan, eksportni keskin oshirish uchun yangi bozorlarga ko‘proq kirib borishimiz kerak. So‘rovlarda 30-40 foiz korxonalarimiz qaysi mahsulotga tashqi bozorda talab yuqori, qanday standart kerak, degan savollarga javob topishga qiynalishini aytgan.
Tashqi bozorda mahsulotlarimiz turi ko‘payishiga, eksportchi korxonalarimiz yangi bozorlarga kirib borishiga xizmat qiladigan tizim tashkil etiladi. Bu borada chet elda biznes qilib, katta tajriba orttirgan vatandoshlarimiz bilan eksportchi korxonalarimizni bog‘lasak, o‘ylaymanki, bu ham katta samara beradi.
Bosh vazir o‘rinbosari J.Xodjayev, Savdo-sanoat palatasi bunday vatandoshlarimiz bilan yaqindan ishlab, ularni o‘zlariga savdo va investitsiya bo‘yicha maslahatchi sifatida jalb etadi.
Tashqi ishlar vaziri B.Saidov ham har oyda ana shunday yurtdoshlarimiz bilan muloqot qilib, ularning taklif, tashabbus va loyihalariga ko‘maklashadi.
Bu yo‘nalishda bir yildan keyin sarhisob qilamiz. Natijaga qarab, bu borada eng faol bo‘lgan vatandoshlarimizni mukofotlaymiz.
Oltinchidan, yiliga 250 trillion so‘mlikdan ziyod davlat xaridlari amalga oshirilmoqda. Shu bois, davlat xaridlariga “mahalliy kontent” talablarini joriy qilish vaqti keldi. Hozir 70 ming mahalliy ishlab chiqaruvchidan 4 mingtasi (6 foizi) kooperatsiya portalida ro‘yxatdan o‘tgan xolos.
Kelgusi yilgi davlat investitsiya dasturidagi har bir loyiha bo‘yicha mahalliy mahsulotlar ulushi qancha bo‘lishi aniq belgilanadi. Davlat xaridida endi mahalliy mahsulot ulushini oshirish rag‘batlantiriladi. Jumladan, energetika, neft-gaz, kimyo, metallurgiya, temir yo‘l kabi tarmoqlardagi yirik korxonalar 2-3 yillik buyurtmalarini kooperatsiya portaliga oldindan joylashtiradi.
Mahalliy korxonalar esa ushbu buyurtmalar asosida yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Ularning loyihalariga dastlabki bosqichda 100 million dollar yo‘naltiriladi.
Yettinchidan, so‘nggi yillarda energetika sohasini isloh qilib, xususiy sektorga keng yo‘l ochib berdik. Bu orqali 3,5 milliard dollarlik xususiy sheriklik loyihalari ishga tushirildi va yana 31,5 milliard dollarlik 50 ta loyiha bo‘yicha ishlar jadal davom etayapti.
Hududiy elektr tarmoqlarining boshqaruvini ham xususiy sektorga berish bo‘yicha bir yil tayyorgarlik ko‘rdik.
Endi, mana shu jarayonlarda ham amaliy bosqichga o‘tamiz. Xususan, joriy yilning oktyabr oyida Samarqand viloyatidagi elektr tarmoqlariga xususiy operator jalb qilish bo‘yicha tender e’lon qilinadi. Tenderda g‘olib bo‘lgan investor 900 ming iste’molchiga xizmat ko‘rsatish bilan birga, eskirgan tarmoq va podstansiyalarni yangilab, yo‘qotishlarni kamaytirish hisobiga daromad oladi. Bunda, aholi va tadbirkorlar uchun belgilangan tariflar o‘zgarmaydi.
Kelgusi yil Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida ham xuddi shunday ishlar amalga oshiriladi.
Sakkizinchidan, yer osti boyliklarini o‘zlashtirishga tadbirkorlarni keng jalb etib, ishlab chiqarishni ko‘paytirishimiz kerak.
Shu yilning o‘zidayoq, 150 tadan ortiq kon va maydonlar tadbirkorlarga sotildi. Yil yakunigacha yana 300 ta kon va maydonlar tadbirkorlarga taklif qilinadi. Qurilishda qum-shag‘alga ehtiyojni qoplash maqsadida 110 million kub metr zaxiraga ega 172 ta kon ham tadbirkorlik uchun ajratiladi.
To‘rtinchi yo‘nalish – xizmatlar sohasiga yangi turtki berish.
O‘zbekistonda band aholining 52 foizi xizmatlar sohasida ishlayapti. Ishlab turgan korxonalarning 68 foizi (264 mingtasi) ham xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keladi. Lekin sohada band bo‘lganlarning atigi 4 foizi yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan yo‘nalishda faoliyat yuritayapti.
Shu bois, xizmatlarda, avvalo, IT sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz. Yetti yil oldin deyarli yo‘q joydan boshlangan bu soha bugun 1 milliard dollarlik eksport qilish salohiyatiga ega bo‘ldi.
Aholi va tadbirkorlar uchun elektron to‘lov qilish osonlashganini ko‘rib turibsiz. Bu ishlarni izchil davom ettirib, har bir hududda eksportga yo‘naltirilgan IT parklar tashkil qilindi.
Endi barcha sohada sun’iy intellekt texnologiyalari keng joriy qilinadi. Masalan, sun’iy intellekt orqali drondan foydalanib, qurilishda xarajatlarni 20 foizga tejash mumkin. Qishloq xo‘jaligida esa sun’iy intellekt orqali hosildorlik 10-15 foizga, o‘g‘it va yoqilg‘i samaradorligi 40 foizga oshadi.
Bu yo‘nalishda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. IT parkda sun’iy intellekt markazi ochiladi. Loyihalarni moliyalashtirish uchun 50 million dollar ajratiladi.
Ikkinchidan, tadbirkorlikning dastlabki bosqichida – startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ekotizimi yaratiladi. Bu tizim biz uchun yangi tajriba bo‘layapti. Joriy yil startaplarga ilk bor 134 million dollar investitsiya kirib keldi.
Bu sohada faoliyatini “noldan” boshlab, aylanmasini 10 million dollardan oshirgan 50 dan ziyod mahalliy kompaniya paydo bo‘ldi.
Bunday loyihalarni ko‘paytirishimiz kerak. Shu bois, startaplarni “oyoqqa turg‘azish” uchun venchur jamg‘armalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun IT park ham 10 million dollarlik jamg‘arma tashkil qiladi.
Shuningdek, startapning xorijdan olib kelgan har 1 dollar investitsiyasiga davlat ham 1 dollar resurs beradi. Startap ishlanmalarini patentlash va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish kabi xarajatlarni davlat qoplab beradi.
Umuman, bu sohaga 50 million dollar yo‘naltirib, o‘qitish tizimini tashkil qilamiz, xorijiy mutaxassislarni ham olib kelamiz.
Uchinchidan, mahalliylashtirishda faqat tovarlar emas, xizmatlar bo‘yicha ham katta imkoniyatlar bor. Masalan, energetika sohasida 36 milliard dollarlik 27 gigavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayapti.
Bu kabi ob’ektlardagi yuqori texnologik uskunalarni ekspluatatsiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha malakali xizmatlarga talab yildan-yilga ortayapti. Bunday xizmatlar importi bu yil 2 barobar oshib, 100 million dollarga yetadi. Kimyo, metallurgiya korxonalari, nasos stansiyalari va GESlar, to‘qimachilik va tibbiyotda ham bunday xizmatlarga talab katta.
Shu bois, bir yil ichida 3 ming mahalliy mutaxassisni Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Turkiyadagi ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga malaka oshirishga yuboramiz. Ularning xarajatlarini davlat qoplab beradi.
J.Qo‘chqorov ikki oy muddatda yirik korxonalarga servis ko‘rsatishda mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish dasturini ishlab chiqadi.
To‘rtinchidan, umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari xizmat ko‘rsatish sohasida ulushi eng katta yo‘nalishdir.
Ularni qiynayotgan eng katta muammo – qo‘shimcha qiymat solig‘i va ishchilar hisobini yuritish ekanidan xabarim bor.
Shu bois, kelgusi yilning 1 yanvaridan umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘shimcha qiymat solig‘ining bir qismi tadbirkorga “keshbek” sifatida qaytarib beriladi. Bunda oylik aylanmasining 60 foizini naqd pulsiz amalga oshirgan korxonalarga qo‘shimcha qiymat solig‘ining 40 foizi to‘langan zahoti qaytariladi. Agar naqd pulsiz aylanma 60 foizdan kam bo‘lsa, “keshbek” 20 foiz bo‘ladi. Qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lashga o‘tgan restoran va kafelar uchun foyda solig‘i 2 karra kamayadi.
Bundan tashqari, 1 dekabrdan bu korxonalar naqd pulga sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kirim qilishda hech qanday hujjat talab qilinmaydi. Ularga bahor va yoz mavsumida o‘z binolariga tutash maydonlarda stol-stul va soyabon qo‘yib ishlashga ruxsat beriladi.
Restoran va kafelar ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashtirilgan (kunbay, ishbay) mehnat shartnomasini tuzib, ishlashi mumkin bo‘ladi. Xuddi shu kabi 1 oktyabrdan mehmonxona va turoperatorlarga ham to‘langan qo‘shimcha qiymat solig‘ining 20 foizi “keshbek” qilib beriladi.
Beshinchidan, so‘nggi ikki yilda bozorga kirishdagi 13 ta eksklyuziv huquqni bekor qilgan edik. Yaqinda yana 7 tasi (turizm, qurilish, shaharsozlik, ekspertiza, aloqa sohasi) bekor bo‘ladi.
Bu orqali 1,5 mingdan ortiq tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyati yaratiladi. Misol uchun, mehmonxona faoliyatini sertifikatlash bilan akkreditatsiyasi bor barcha korxonalar shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Hozir bu xizmat bo‘yicha eksklyuziv huquq Turizm qo‘mitasi huzuridagi tashkilotga berilgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining “Shaffof qurilish” tizimi orqali tender savdolari uchun hujjatlarni faqat vazirlik qoshidagi konsalting markazlari tayyorlab berayapti.
Endi 1 oktyabrdan xuddi Tadbirkorlik reytingi kabi “Shaffof qurilish” tizimini tadbirkorlarning o‘zi yuritadi. Konsalting markazlari funksiyalari to‘liq xususiy sektorga o‘tkaziladi.
Tadbirkorlar taklif bersa, davlat idoralari ko‘rsatayotgan boshqa xizmatlarni ham xususiy sektorga berishga tayyormiz.
Beshinchi yo‘nalish – biznes uchun to‘siq va g‘ovlarni yanada qisqartirish.
Biz so‘nggi yillarda tadbirkorlik yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha katta islohotlarni amalga oshirdik. Lekin tadbirkorlarimiz haligacha ayrim muammolar saqlanib qolayotganini bildirgan.
Birinchidan, tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatishga asos bo‘ladigan qonun buzilish holatlari darajasi belgilanmagan. Oqibatda arzimagan kamchiliklar bilan ham tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatib qo‘yish holatlari kuzatilyapti.
Shu bois, 1 noyabrga qadar aholining hayoti va sog‘lig‘iga haqiqiy xavf soluvchi mezonlar reyestri ishlab chiqiladi. Ogohlantirib aytaman, reyestrda yo‘q mezon bo‘yicha tadbirkor faoliyatini to‘xtatgan mansabdor javobgarlikka tortiladi.
Ikkinchidan, tadbirkorlarni jinoiy javobgarlikka tortish yanada liberallashadi.
Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, degan jinoyat turi bor. Bunda tadbirkorning to‘lamagan solig‘i 100 million so‘mdan (bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari) oshsa, jinoyatchi bo‘lib qolmoqda. Lekin tadbirkorlarga imkon berilsa, bu summani bemalol to‘lay oladi, buning uchun ularni oylab tergov qilish shart emas.
Shu bois, soliq to‘lamaganlik uchun tadbirkorga jinoyat ishi qo‘zg‘atishga asos bo‘ladigan miqdorni 2 baravargacha oshirishni taklif qilaman. O‘ylaymanki, tadbirkorlarimiz ushbu berilayotgan yengillikni, bildirilayotgan ishonchni suiiste’mol qilmaydilar.
Uchinchidan, kredit oldi-berdisida bank ham, tadbirkor ham tavakkal qiladi. Lekin amaliyotda bankning huquq va vakolatlari tadbirkorga nisbatan ancha ko‘proq. Masalan, kredit vaqtida qaytarilmasa, garovga qo‘yilgan mulkni bank shartnoma tuzilgan paytdagi qiymatida sotuvga chiqaradi.
O‘zingiz o‘ylang, 3-4 yil oldin kredit olinganda 100 million so‘mga baholangan mulkni bugungi narxi 30-40 foiz qimmatlashsa, uni qanday qilib, eski qiymatida sotish mumkin?
O‘tgan 6 oyda banklar 1,3 trillion so‘mga baholangan mingdan ziyod garovdagi mol-mulklarni auksionga chiqargan.
Yoki kreditning katta qismini qaytargan tadbirkor u yoki bu muammoga duch kelib, qolgan qarzini to‘lay olmay qolsa ham garovga olingan mulk to‘liq savdoga chiqarib yuborilayapti. O‘tgan yili jami qarzdorlik summasi 1,5 milliard so‘m bo‘lgan 22 ta holatda undiruv 35 milliard so‘mlik garovdagi mulkka qaratilgan.
Aytmasangiz ham ko‘zingizdan ko‘rib turibman, bu ko‘pchilik tadbirkorlarni uzoq yillar qiynab kelayotgan muammo.
To‘g‘ri, muammoli kreditlar bilan jiddiy shug‘ullanish kerak. Lekin bu tadbirkorni “tugatish” hisobidan bo‘lmasligi zarur.
Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, G‘ijduvon, Yunusobod tumanlari misolida banklar “mijozbay” ishlab, qiyinchilikka uchragan tadbirkorlarga ko‘mak berish bo‘yicha yetarli tajriba orttirdi. Buni davom ettirib, banklarni o‘z mijozi bilan ishlash tizimini yanada yaxshilaymiz.
Endi garovdagi mulkni savdoga chiqarishdan oldin, uning hozirgi bozor qiymati aniqlanadi, qaytmagan qarzdorlik garov qiymatining 15 foizidan kam bo‘lsa, undiruv mulkka qaratilmaydi. Bank mijoziga qarzni boshqa manba hisobidan qoplashga imkon beradi.
Ushbu tashabbuslarni tez kunlarda qonun bilan mustahkamlab qo‘yamiz. O‘ylaymanki, bu takliflar sizlarga ma’qul.
To‘rtinchidan, “snoslar” bo‘yicha kompensatsiya to‘lashda haligacha muammolar bor. Hozirda ushbu xarajatlar viloyat byudjeti hisobidan qoplanayapti. Lekin ayrim viloyatlar byudjetida mablag‘ kam qolayotgani uchun tadbirkorning pulini qoplab berish 5-6 yilga cho‘zilib ketayapti.
Yuqorida yerni auksionga chiqarish bo‘yicha yangi tashabbuslar haqida aytdim. Endi yerni sotishdan tushgan mablag‘lar, avvalo, “snos” bo‘yicha tadbirkorlardan qarzni so‘ndirishga qaratiladi.
Aziz yurtdoshlar,
Jahondagi vaziyatni ko‘rib turibsiz. An’anaviy bozorlarni saqlab qolish, yangilariga kirib borish, buning uchun logistika marshrutlarini diversifikatsiya qilish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Nima uchun bu yilgi ochiq muloqotni aynan Qoraqalpog‘istonda o‘tkazyapmiz? Chunki Qoraqalpog‘istonga investitsiya kiritib, biznes qilishning boshqa hududlarga nisbatan 3 ta ustunligi bor.
Birinchisi – Qoraqalpog‘istonda biznes uchun birorta hududda yo‘q 50 dan ortiq imtiyozlar paketi joriy etilgan.
Ikkinchisi – Qoraqalpog‘istonda yer ajratishning sodda tizimi joriy etilgan.
Uchinchisi – katta bozorlarga chiqish uchun eng qulay hududimiz, bu – Qoraqalpog‘iston.
Bugungi ochiq muloqotimiz Jo‘qorg‘i Kenges raisi A.Orinboyev, Vazirlar Kengashi raisi F.Ermonov, shahar va tuman hokimlari uchun yangi-yangi loyihalarni boshlash uchun katta imkoniyat.
Qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar kelgan mehmonlarni bir-ikki kun olib qolib, bu yerdagi sharoitlarni ko‘rsatsa, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikda takliflar ishlab chiqsa, barchasini qo‘llab-quvvatlashga tayyorman.
Ochiq muloqotimiz yakuni bo‘yicha o‘n kun muddatda “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturini qabul qilamiz.
O‘ylaymanki, bu dasturda nafaqat markaziy studiyada o‘tirgan 300 ga yaqin tadbirkorlarimiz, balki hududlardagi studiyalardan qatnashayotgan minglab biznes vakillari ham faol ishtirok etadi.
Buning uchun biz Qoraqalpog‘istonga yana qo‘shimcha sharoitlar yaratib beramiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Mana, hamma masalalarni ochiq gaplashib, yechimlarini ham kelishib oldik.
Bugun men so‘zga chiqqan tadbirkor va ishbilarmonlarning fikrlarini eshitib, nihoyatda xursand bo‘ldim.
Sizlarning “Janob Prezident, shuncha sharoit yaratib beryapsiz, biz ham yangi-yangi ish o‘rinlari yaratib, odamlarni daromadli qilishga, kambag‘allikni qisqartirishga qattiq bel bog‘laymiz” degan gaplaringiz meni quvontirdi.
Buning uchun barchangizga chin qalbimdan rahmat aytaman.
Sizlarning sharofatingiz bilan minglab odamlar ishli, daromadli bo‘ladi, oila qurish, uy-joyli bo‘lish, bolalarini tarbiyalash, o‘qitish imkoniga ega bo‘ladi. Ishi, daromadi bor odam esa hech qachon yomon yo‘lga kirmaydi, buzg‘unchi ishlarga qo‘l urmaydi.
Shu ma’noda, tadbirkorlar qatori ularning ishchilari ham yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, barqarorlikdan eng ko‘p manfaatdor bo‘ladi. Vatan tinchligi, mamlakat taraqqiyotini jon-dili bilan himoya qilishga tayyor turadi.
Shu ma’noda, sizlar tinch, erkin va farovon hayotimiz garovisizlar, desak, o‘ylaymanki, mubolag‘a bo‘lmaydi. “Tadbirkor – elga madadkor” degan naqlda chuqur ma’no bor. Lekin shunday katta mas’uliyatni zimmasiga olgan tadbirkorning o‘ziga kim madadkor?
Agar qaysi hokim o‘zi hududini gullab-yashnab, taraqqiy topishini istasa, avvalo, tadbirkor va yana bir bor tadbirkorga chinakam madadkor bo‘lishi kerak.
Shu munosabat bilan, ilgari aytgan so‘zimni yana bir bor takrorlashni zarur, deb bilaman.
Hurmatli tadbirkor va ishbilarmonlar, hech narsadan cho‘chimang. Biling, ortingizda Prezident turibdi!
Bugun sizlar bilan muhokama qilgan barcha masalalar bo‘yicha bir hafta ichida katta farmon qabul qilinadi.
Parlamentimiz rahbarlaridan ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha qonun loyihalari kirishini kutib o‘tirmasdan, deputatlardan iborat guruhlar tuzib, hujjatlarni ishlab chiqishga tezroq kirishishlarini so‘raymiz.
Bosh vazirga ham hukumat qarorlarini tezroq qabul qilish topshiriladi.
Bu ishlarning amaldagi ijrosi ustidan qattiq nazorat tizimi bo‘ladi.
Savdo-sanoat palatasi (Vahobov), Biznes ombudsman (Qosimov) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan muloqot platformasida har hafta bitta sohadagi muammolarni tadbirkorlar bilan muhokama qiladi.
Bunda mas’ul hukumat a’zolari va viloyat hokimlari ham qatnashishi shart. Ko‘tarilgan masalalar yechimlarini Bosh vazir A.Aripov har o‘n besh kunda ko‘rib chiqadi, katta loyihalarni amalga oshiraman, degan tadbirkorlarni shaxsan o‘zi qabul qiladi va hukumatdan unga yordam beradigan rahbarni biriktiradi.
O‘zim ham har oy bittadan soha vakillari va yirik investorlar bilan bevosita uchrashaman.
So‘zimning oxirida hammangizga sihat-salomatlik, yutuq va omadlar tilab qolaman.