Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan «Abu Dhabi Chess Festival 2024» turnirining “Masters” guruhining ortda qolgan 4-tur o‘yinlaridan so‘ng 14 nafar shaxmatchi 3,5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Ular orasida iste’dodli shaxmatchimiz Nodirbek Yoqubboyev 2-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, Javohir Sindorov 10-o‘rinni band etgan. Kecha o‘tkazilgan 4-tur o‘yinlarida Nodirbek Yoqubboyev FIDE bayrog‘i ostida harakatlanayotgan Volodar Murzin bilan murosa yo‘lini tanladi. Javohir Sindorov ushbu turda hindistonlik Shrixarini 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Bugun, 20 avgust kuni musobaqaning 5-turida Nodirbek Yoqubboyev hindistonlik Bxaratx Subramaniyam bilan, Javohir Sindorov ham yana bir hind shaxmatchisi Pranav bilan ro‘baro‘ keladi.
Ushbu turda Javohir ham, Nodirbek ham qora donalarda harakatlanadi. Mukofot jamg‘armasi 63 ming 600 AQSH dollarini tashkil etgan turnirda umumiy hisobda 217 nafar shaxmatchi ishtirok etmoqda. Terma jamoamiz a’zolaridan Abdumalik Abdusalimov 25, Ortiq Ne’matov 28, Shamsiddin Vohidov 36, Bahrom Bahrillayev 46-o‘rinda bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, 25 avgustga qadar davom etadigan xalqaro turnirda mamlakatimizning 11 nafar mahoratli yosh shaxmatchilari dona surmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA