2017-yil 25-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Senatorlar Toshkent viloyati To‘ytepa shahrining nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Avval xabar berilganidek, Senat To‘ytepa shahrini Toshkent viloyatining ma’muriy markazi etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.
Majlisning ikkinchi kuni senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga va “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahakamasining taklifini ko‘rib chiqib, Toshkent viloyati To‘ytepa shahrini Nurafshon shahri deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildilar.
Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibiga o‘zgartirishlar kiritishto‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasiga muvofiq senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining bir qator sudyalarini saylash to‘g‘risida qaror qabul qildilar. Nomzodlarni muhokama qilish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-fevralda qabul qilingan sudyalarni tanlab olish va lavozimlarga tayinlash tizimini tubdan isloh qilishga doir chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini izchil va so‘zsiz ro‘yobga chiqarish muhim ekanligi ta’kidlandi.
So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolarining odobi qoidalariga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamentiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisini saylash to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qo‘mitalari tarkibiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglament va odob komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Ushbu masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasidagi madaniyat va istirohat bog‘larida, shuningdek, boshqa madaniy-ko‘ngilochar maskanlarda o‘rnatilgan yuqori texnologiyali attraksionlardan foydalanuvchilarning xavfsizligini ta’minlash yuzasidan yo‘lga qo‘yilgan davlat nazoratining holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripovga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari bo‘yicha axborotni muhokama qildilar.
Joylardagi ishlarning holatini o‘rganish natijalariga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan mazkur obyektlardan xavfsiz foydalanishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga, ushbu sohadagi yagona davlat nazorati samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Muhokama chog‘ida senatorlar qator tavsiyalar bildirdilar hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tadbirlar rejasida nazarda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlash muhimligini qayd etdilar. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasiga mazkur masala bo‘yicha Senat qabul qilgan qarorning ijro etilishi ustidan monitoring yuritish topshirildi.
Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kirmaydigan korxonalar temir yo‘llarini saqlash va ulardan foydalanish holati, shuningdek, ushbu korxonalarda temir yo‘l orqali tashuvlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha davlat nazoratining holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga parlament so‘rovi yuborish haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Yalpi majlisda Oliy Majlis Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.
Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirishga, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini bosqichma-bosqich ijro etishga qaratilgan 27 ta masala, shu jumladan, 10 ta qonun (shundan 6 tasi yangi qonun) ko‘rib chiqildi. Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida qabul qilingan qarorlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini yanada mustahkamlashning, aholi turmush darajasini oshirishning, mamlakatda barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashning muhim omili bo‘lishi ta’kidlandi.