O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy o‘quv markazida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining sudyasi Sultanmurat Davletmuratov sud tizimida joriy etilayotgan yangi o‘zgarishlar xususida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi tamoyilini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etilishi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritilishi belgilandi.
Tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilib, ular tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinmoqda. Shuningdek, tergov sudyasiga 11 turdagi sanksiya va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda.
Bu bilan jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudlar sudyalari o‘rtasida ish hajmi mutanosibligini to‘liq ta’minlashga erishiladi.
Farmonga muvofiq, tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunishi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Uchrashuvda tinglovchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.