–
Shri-Lankada prezident sayloviga 39 nomzod ro‘yxatga olindi
Siyosiy tadbir 21 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi, dedi orol saylov komissiyasi rahbari Rmal Ratnayake. Uning aytishicha, avval prezidentlik poygasida ishtirok etish uchun badal to‘lagan 40 nomzoddan biri rasman ro‘yxatga olinmagan. Shu tariqa aholi byulletenda ko‘rsatilgan 39 da’vogardan birini saylashi kerak. Kurashga kirishganlarning 23 nafari siyosiy partiya vakili, 17 nafari mustaqil nomzod.
Xabarda aytilishicha, ro‘yxatda amaldagi yetakchi Ranil Vikramasingxe ham bor.
Shri-Lankada prezident besh yil muddat bilan saylanadi va ikkinchi muddatga ham qolishi mumkin.
Meksikadagi prezident saylovida Sheynbaum g‘alabasi tasdiqlandi
Meksika Qo‘shma Shtatlarida ilk bor saylangan ayol Prezident Klaudiya Sheynbaum 2024 yil 1 oktyabrda vazifasini bajarishga kirishadi.
Milliy saylov instituti saytida e’lon qilingan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, 2 iyunda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida Sheynbaum uchun saylovchilarning 59,75 foizi ovoz bergan.
Hindiston kamikadze-dron yaratdi
Mazkur o‘zi uchar qurolning parvoz uzoqligi ming kilometr, deyiladi NDTV telekanali tarqatgan xabarda.
Milliy aero fazo laboratoriyasi (NAL) mutaxassislari tomonidan yaratilgan hujumkor qurilma Hindiston Fan va sanoat tadqiqotlari kengashining mudofaa ehtiyoji uchun yangi qurol yaratish dasturi doirasida, faqat mahalliy texnologiya asosida tayyorlangan. Jarayonda Ukrainada qo‘llangan dron bo‘yicha olingan tajribadan foydalanilgan. Bu haqda NAL direktori Abxay Pashilkar ma’lum qildi.
Uzunligi 2,8 metr, og‘irligi 120 kilogramm, qanoti 3,5 metrga yoyiladigan, soatiga 180 kilometr tezlikda ucha oladigan “Swadeshi” 28 kilogrammgacha jangovar qurolni ko‘tara oladi.
Erdog‘an: BMT Xavfsizlik Kengashini tezroq isloh qilish zarur
Turkiya Prezidentining BMT islohotiga oid fundamental tezislari 2021 yil sentyabr oyida chop etilgan kitobida bayon etilgan.
Rejep Tayyip Erdog‘an Xavfsizlik Kengashi shoshilinch va tub islohotga muhtojligini aytib, murojaatini Bosh kotib Antoniu Guterrishga ham yo‘llagan. U avval ham BMT tizimini isloh qilish zarurligini bir necha bor ta’kidlab, “dunyo beshlikdan”, ya’ni Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi – Rossiya, AQSH, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiyadan iborat emasligini ta’kidlagan.
Xitoy 6 avgust kuni uchirilgan raketasi portlab ketganini ma’lum qildi
Xitoy o‘zining 6 avgustda 18 yo‘ldosh bilan birga uchirilgan “Long March 6A” raketasi samoda portlab ketganini ma’lum qildi, deb yozdi “Blumberg” agentligi.
AQSH koinot qo‘mondonligi avvalroq Xitoy raketasi parchalanib, Yer orbitasi atrofida 300 dan ko‘p siniq bo‘lak sochilib ketganini ma’lum qilgandi.
Ma’lum qilinishicha, raketa portlashi so‘nggi o‘n yillikda koinot chiqindisining eng yirik manbalaridan biriga aylangan.
“Google” ikkiga bo‘linadimi?
AQSH Adliya vazirligi “Google”ni ikki tuzilmaga bo‘lish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bunga o‘tgan hafta Vashington sudi kompaniya internet-qidiruv bozorida monopolist kabi harakat qilmoqda, deya xulosa chiqargani sabab bo‘ldi. Ya’ni, “Google” monopoliyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunni buzgan, deb yozdi “Blumberg” manbalarga tayanib.
Ta’kidlanishicha, sud bundan 20 yil avval “Microsoft” kompaniyasini ham ikkiga bo‘lib yuborishni niyat qilgan, biroq uddalay olmagan.
Manbalarga ko‘ra, agar Adliya vazirligi ushbu rejani ilgari surishga qaror qilsa, “Android” amaliyot tizimi va “Chrome” veb-brauzeri eng ko‘p hibsga olinadigan bo‘linmalar bo‘lishi mumkin. Qo‘shimcha qilinishicha, amaldorlar kompaniya matnli reklama sotish uchun foydalanadigan “AdWords” platformasini majburiy sotishni ham ko‘rib chiqmoqda.
Bangladesh Bosh vaziri o‘z iste’fosida AQSHning qo‘li borligini aytdi
Bangladesh sobiq Bosh vaziri Shayx Xasina o‘z iste’fosiga AQSHning aloqasi bor, deb hisoblaydi. Zero, u Avliyo Martin orolini harbiy baza qurish uchun Amerikaga berishdan bosh tortgan. Bu ma’lumot Xasinaning “Economic Times” ixtiyoriga kelib tushgan maktubida keltirilgan.
Avvalroq “Fisrtpost” nashri mazkur amalga oshmagan kelishuv haqida xabar bergan edi. Bu orol Bengal ko‘rfazida joylashgan bo‘lib, mamlakatning eng janubiy qismi hisoblanadi.
– Men Bosh vazirlikdan ketdim, – degan Xasina. – Agar Avliyo Martin oroli suverenitetidan voz kechib, Amerika Bengal ko‘rfazini nazorat qilishiga ruxsat berganimda, hokimiyatda qolishim mumkin edi.
S.Rahimov, O‘zA