Senat yalpi majlisida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva mazkur qonun bo‘yicha munosabat bildirdi. Oxirgi uch yilda ikki ming nafardan ziyod shaxs ota-onalik huquqidan mahrum qilingani jamiyatimizga mutlaqo yarashmaydigan holat ekanini qayd etdi.
– Bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatni kechirib bo‘lmaydi, bu haqda jamoatchilik faollari ham o‘z munosabatini bildirib kelmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Bunday holatlarga qonuniy jazo choralarini kuchaytirish vaqti keldi. To‘g‘ri, bolalar huquqlarini mustahkamlash, manfaatlarini ta’minlash masalalari, ayniqsa, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha juda katta ishlar amalga oshirilyapti. Bu jarayonda jamoatchilik, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ham faol ishtirok etayotgani yaxshi natija beryapti. Lekin, qonunchilikni yanada mustahkamlash, zo‘ravonlikka qonuniy to‘siq qo‘yishning ahamiyati esa juda katta. Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi ushbu masalada tashabbus bilan chiqqan. Biz mana shu agentlikka minnatdorlik bildiramiz. Chunki aynan ularning tashabbusi bilan mazkur qonun Qonunchilik palatasiga kiritildi. Mazkur qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha yaxlit, mustahkam va ishonchli tizim yaratilishiga xizmat qiladi.
– Har doim aytamiz, qonunlar yaxshi qabul qilinadi, xalqaro standartlarga javob beradi, milliy manfaatlarimizga mos keladi, lekin ularning amaliyoti – eng asosiy ish. Shuning uchun qonun qabul qilingandan keyin, albatta, muammoga yondashuvni o‘zgartirish kerak. Shunday qilishimiz kerakki, har qanday zo‘ravonlik barham topsin. Mahalliy kengash deputatlari ham qonunni olib, mahallalarda notinch oilalar o‘rtasida, maktablarda, maktabgacha ta’lim muassasalarida, umuman olganda, yoshlar, ota-onalar o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini samarali tashkil qilishi, bunda, oilalar, bolalar bilan ishlovchi tuzilmalar maksimal darajada qamrab olinishiga e’tibor qaratish kerak. Bu borada media imkoniyatlarini samarali jalb qilish maqsadga muvofiq, – dedi Senat Raisi.
Joylarda “mahalla yettiligi” bilan birgalikda ishlash zarurligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligining eng quyi bo‘g‘inlari xodimlarini biriktirish kerakligi qayd etildi. Bu borada xodimlarning tayyorgarligi va zamonaviy standartlarga mos ravishda o‘z ishini bilishi juda muhim.
Aytib o‘tish kerakki, ijtimoiy himoya masalasiga oid tizimning Prezident huzurida joriy qilingani bu masalaga davlatimizni qanchalik e’tibor berayotganidan dalolat. Ijtimoiy himoya milliy agentligining maqomi yuqori qilib qo‘yilgani ham bejiz emas. Chunki muammo bor. Ta’lim, tarbiya, tibbiy xizmat masalasida zo‘ravonlikka uchragan bolalar bo‘yicha muammo bo‘lmasligi mumkin, lekin zo‘ravonlik qilgan shaxslar bilan ishlashda muammo bor. Albatta, bu tizim bo‘yicha prokuratura, Ichki ishlar vazirligida xodimlarni o‘qitish, qayta tayyorlash uchun o‘quv muassasalarida qisqa muddatli kurslar tashkil qilinishi kerak. Tuzatish dasturlari bilan tanishtirilib, zo‘ravonlar bilan alohida ishlarni yo‘lga qo‘yish kerak.
Norgul Abduraimova, O‘zA