Munosabat

Markaziy Osiyo asrlar davomida yagona geosiyosiy va ma’naviy makon sifatida shakllangan hudud bo‘lib, Buyuk Ipak yo‘li va butun Yevrosiyo tarixida muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Mintaqamiz tabiiy resurslari, inson kapitali, boy madaniy va tarixiy merosi bilan boshqa mintaqalardan ajralib turadi. Ko‘chmanchi va o‘troq turmush tarzi uyg‘unligi hududdagi iqtisodiy, siyosiy tizim asosi bo‘libgina qolmay, mintaqaning o‘ziga xos madaniyati, mafkurasi hamda har qanday o‘zgarishga moyilligi yoki qarshiligi bilan farqlanadi. Bu yerda bir-biriga yaqin qadriyatlar majmui uyg‘unlashgan. Boshqacha aytganda, ayni uyg‘unlik mintaqa integratsiyasi mezoni hisoblanib, realligi bilan doim muhokama, tahlil va bahs talab etadi.

Bugun borliqni anglash borasidagi tasavvur o‘zgarmoqda. O‘zgarishlar qisman Yaqin Sharq mintaqasi hamda Ukrainadagi notinch vaziyat hosilasi sifatida insoniyat oldida makon va borliqni anglashda sharqona va g‘arbona paradigma, ya’ni olamni g‘arbcha tushunish va sharqona tavsiflash o‘rtasidagi sezilarli farqni, dixotomiyani yaqqol namoyon etmoqda.

Tinchlik, barqarorlik sharq ijtimoiy-madaniy olami, xalqlar dunyoqarashida  alohida nufuz kasb etishi bilan ajralib turadigan fenomen hisoblanadi. Mintaqa davlatlari rahbarlarining Qozog‘istondagi navbatdagi uchrashuvi ham fikrimizni yaqqol ifodalaydi.

Markaziy Osiyo yetakchilaridan tashqari faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va BMT Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashgan bu galgi Maslahat uchrashuvida Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyotning yangi tarixiy davrini boshlab beradigan g‘oya, tashabbuslar ilgari surildi.

Kun tartibiga muvofiq, mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, shuningdek zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida mintaqada birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, xususan mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish va uzoq muddatli sheriklik kun tartibini boyitish uchun Maslahat uchrashuvi formatini yanada takomillashtirish masalalarini birgalikda ko‘rib chiqish vaqti kelganini e’tirof etdi. Ushbu masalalar yuzasidan konseptual tavsiya va takliflar ishlab chiqish uchun Markaziy Osiyo ekspert forumining navbatdagi yig‘ilishini mamlakatimizda o‘tkazishni taklif etdi.

Davlatimiz rahbari dunyodagi hozirgi vaziyatga ham to‘xtalib, Markaziy Osiyo o‘z geosiyosiy joylashuvi tufayli global ishonch inqirozi va mojarolar keskinlashuvining barcha salbiy oqibatlarini boshidan kechirayotgan bir paytda “Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish” taklifini bildirdi.

Uzoq muddatga mo‘ljallangan iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish istiqbolda Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi e’tirof etildi. Buning natijasida mintaqada milliy iqtisodiyotlar o‘zaro bir-birini to‘ldiradi. Boshqacha aytganda yagona mintaqaviy bozor shakllanadi. Bu o‘z-o‘zidan Markaziy Osiyo integratsiyasining siyosiy-huquqiy asosi yaralishiga olib keladi.

Navbatdagi muhim tashabbus sifatida O‘zbekiston Prezidenti Parlamentlararo forumni kelgusi oy Xiva shahrida o‘tkazishni taklif qildi. Mazkur anjuman parlamentlararo samarali almashinuvni kengaytirishga xizmat qiladi.

Gumanitar sohadagi hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, davlatimiz rahbari “madaniy-tarixiy meros umumiyligini hisobga olgan holda “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasini ish tushirish tashabbusini ilgari surdi. Bu o‘z navbatida, xalqlarimiz mintaqa kelajagi uchun birdek daxldorligi, birdamligi bilan bog‘liq umumiy mas’uliyatni anglashda drayver vazifasini o‘taydi.

“Markaziy Osiyo yoshlari kun tartibi-2030” ilgari surilishi mintaqada innovatsion g‘oya va loyihalarni amalga oshirishiga xizmat qilishi ta’kidlandi. Mavjud masalalarni atroflicha muhokama qilish maqsadida joriy yil oktyabr oyida Toshkent shahrida birinchi Markaziy Osiyo ta’lim forumi o‘tkazilishi taklif etildi. Shuningdek, Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini kelgusi yil yettinchi sammitda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga taklif qildi.

Yuksak ehtirom, e’tibor va e’tirof ramzi

Maslahat uchrashuvi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqa davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik, qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Faxriy nishoni bilan taqdirlandi. Bu mamlakatimiz yetakchisining mintaqa davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik, qo‘shnichilik va o‘zaro anglashuvni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari e’tirofi ramzidir.

Umuman, uchrashuvda davlatimiz rahbari muhim tashabbus va qarorlar tizimli ravishda amalga oshirilishi natijasida mintaqa mamlakatlari yaqinlashuvi jarayoni barqaror, izchil va ortga qaytmas tus olganini qayd etdi. Yakunda Shavkat Mirziyoyev yetakchilarga yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirib, Markaziy Osiyoni tinch va farovon hududga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkin, bugungi qaltis jahon tartibotida aynan Prezidentimiz ilgari surgan g‘oyalar, loyiha va tashabbuslarga chuqur ehtiyoj sezilmoqda. Dunyo taraqqiyoti shunday bir pallada turibdiki, endi makon inson omili bilan bog‘liq ortiqcha bosim, tazyiq, qolaversa balandparvozlikni ko‘tarolmaydi. Boshqacha aytganda zarur muvozanat, uzviy muloqotga darz ketmasligi lozim. Dunyoni shunday idrok etish tuyg‘usi, ochig‘i, aynan Sharq, xususan mintaqamiz xalqlari tafakkurida doimo uyg‘oq bo‘lgan. Hozirgi vaziyat ayni fazilatlarni namoyon etish mavridi kelganini anglatadi, nazarimizda.

Usmonjon Bo‘tayev,

O‘zMU professori, siyosiy fanlar doktori

O‘zA