“Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida davlatlar kesimida mamlakatimiz sportchilarining kechagi bahslarda 2 ta oltin medalga ega chiqishi O‘zbekistonning 206 ta milliy terma jamoalar orasidagi o‘rni yanada yaxshilanishiga olib keldi.
Aynan Hasanboy Do‘smatov va Ulug‘bek Rashitovning oltin medallari hisobiga O‘zbekiston sport delegatsiyasi 3 ta oltin, 2 ta bronza medali bilan 43-pog‘onadan 18-o‘ringa ko‘tarildi.
Davlatlar jadvalini AQSH sportchilari 30 ta oltin, 38 ta kumush, 35 ta bronza, jami 103 ta medal bilan hamon umumjamoada boshqarib kelmoqda.
Xitoy olimpiyachilari 29 ta oltin, 25 ta kumush, 19 ta bronza, jami 73 ta medal bilan 2-o‘ringa, Avstraliya sport delegatsiyasi 18 ta oltin, 14 ta kumush, 13 ta bronza bilan kuchli uchlikka yakun yasagan.
Kutilayotgan musobaqalar mundarijasiga e’tibor qaratsak, bugun, ertaga va kelgusi kuni o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarining so‘nggi bellashuvlarida erishilajak natijalar mamlakatimiz sport delegatsiyasining “Parij-2024”da yanada yuqori o‘rinlarni joy olishi mumkinligini anglatmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA