2006 yil tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan doktor Muhammad Yunus rasman Bangladesh muvaqqat hukumati rahbari etib tayinlandi, deb yozdi “Dhaka Tribune” gazetasi Prezident matbuot kotibi Joynal Abedinga tayanib.
Avvalroq gazeta Yunus talabalar “inqilobi” yetakchilarining “muvaqqat hukumatga bosh maslahatchi sifatida rahbarlik qilish” taklifiga rozi bo‘lgani haqida xabar bergan edi. “Daily Star” nashri esa Muhammad Yunus hozir Fransiyada ekani, Olimpiadani tomosha qilib, bir yo‘la davolanayotgani, tez orada Bangladeshga qaytishini ma’lum qilgan.
Hafta boshida Bosh vazir Xasina singlisi bilan birga tartibsizlik tufayli xavfsiz joyga o‘tish uchun poytaxt Dakkadagi rasmiy qarorgohni tark etdi. Ba’zi nashrlar u iste’fo berib, Hindistonning Agartala shahriga uchib ketgani, hind nashrlari esa sobiq Bosh vazir Buyuk Britaniyadan boshpana so‘ragani to‘g‘risida yozdi.
Talabalar, politsiya va hukumat tarafdorlari to‘qnashuvida shu kungacha kamida 300 kishi halok bo‘lgan. Hukumat Dakka va boshqa ayrim shaharlarda komendantlik soati tartibini o‘rnatgan.