Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq holda va nihoyatda ko‘p miqdorda qabul qilingan bo‘lib, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat mavjud.
Hujjatlarning nihoyatda ko‘pligi ular o‘rtasida kolliziyalarni keltirib chiqarishi, zarur bo‘lgan qonunchilik hujjatini topish hamda amalda qo‘llashda qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi mumkin.
Shu bois endilikda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqildi. Ushbu kodeks loyihasiga 8 ta qonun va 20 dan ortiq qonunosti hujjatlari unifikasiya qilinmoqda. Bu orqali tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni yagona hujjat bilan tartibga solish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, loyiha bilan tadbirkorlik faoliyatining qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, sub’ektlar tengligi, halol raqobat, vijdonlilik prezumpsiyasi, korrupsiyadan xolilik kabi asosiy prinsiplari ham mustahkamlanyapti. Tadbirkorlik sub’ektlari esa kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilyapti.
Tadbirkorlik kodeksi loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishida muhokama qilinib, qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA