Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi oldidan

Vatanimiz Mustaqilligining 33 yillik ayyomini nishonlashga sanoqli kunlar qoldi. Xalqimizning erkin va farovon hayot sari qadam qo‘yishiga yo‘l ochgan bu ne’matning qadri har bir yurtdoshimiz uchun beqiyos. 

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon UMAROV Mustaqillikning ahamiyati, xalqimiz hayotida tutgan o‘rni haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: 

– Mustaqillik – ajdodlarimiz kurashgan, bu yo‘lda jon bergan buyuk ne’mat. Unga erishish baxti bugungi avlodga nasib qildi.

Mamlakatimizning davlat mustaqilligiga erishishi bilan huquqiy demokratik davlat qurilishi, yangi jamiyatga o‘tish davrida siyosiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlash, ma’naviy-ruhiy poklanish e’tibordan chetda qolmadi. O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin olishi uchun muhim qadamlar qo‘yildi.

Yurtimiz siyosiy-huquqiy tizimi ko‘p bosqichli islohotlarni boshdan kechirdi. Qonunchilik yillar davomida yanada mustahkamlanib, takomillashtirilib borildi. Xususan, jadal rivojlanayotgan zamonamizga hamohang bo‘la oladigan Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilinishi davlatimiz qonunchiligidagi muhim o‘zgarishlardan biri bo‘ldi.

Asosiy qonunimizga barcha sohani qamrab oluvchi yangi normalar kiritildi hamda mavjud normalar yanada takomillashtirildi. Shuningdek, boshqa qator huquqiy hujjatlarga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Aholiga hamma qulaylikni yaratish, ularning yashash sharoitini yanada yaxshilash maqsadi rivojlanishning asosiy bosqichi sifatida namoyon bo‘ldi. Raqamlashtirilgan yangi asrda qog‘ozbozlik va ortiqcha ovoragarchiliklardan voz kechish maqsadida barcha davlat xizmati yagona tarmoqqa birlashtirilib, zamonaviy axborot-texnologiyalaridan keng foydalanishga o‘tildi. Aholining davlat tashkilotlariga murojaatlarini interaktiv tarzda qabul qilish va ko‘rib chiqish, elektron murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish orqali vaqt va xarajatlarni tejash, xizmatlarni soddalashtirish samarali yo‘lga qo‘yildi.

Davlat xizmatlari markazlarida fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish, ular asosida vakolatli organlar bilan elektron hujjat almashish asosida hujjatlar tayyorlab taqdim etish, bojlar va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar to‘lovini bank bo‘limi orqali amalga oshirish, tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, fuqarolar markazning o‘zida kommunal to‘lovlarni amalga oshirishi hamda tadbirkorlik faoliyati, soliq to‘lovlari va boshqa masalalarga oid axborotlarni to‘liq shaklda olish imkoniga ega bo‘ldi.

Davlat siyosatida ochiqlik va shaffoflik tamoyili yanada kuchaytirildi. Davlat boshqaruvi tizimida qabul qilinayotgan barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlar internet tarmoqlari orqali aholiga taqdim etilib, barcha hukumat idoralari ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.

Bularning barchasi “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, odil sudlovga erishishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar davom ettirilmoqda.

Ayonki, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamiz sud-huquq tizimini tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.

Sud hokimiyati mustaqilligi, u faqat qonunga bo‘ysunishi hamda sudyalarning daxlsizligi kafolatlari ta’minlanishi sud tizimi faoliyati samarali ishlashining garovidir. Istiqlol yillarida sud hokimiyati mustaqilligi yanada kuchaytirildi, ularning faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash uchun ko‘plab chora-tadbirlar olib borildi.

Sud-huquq tizimining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kuchaytirishning muhim omilidir. Sudlar to‘g‘risidagi axborotni aholiga yetkazish “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun bilan belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, sudlar o‘z faoliyati, qarorlari va tartiblari to‘g‘risida jamoatchilikka ma’lumot taqdim etishi, fuqarolarning odil sudlovdan foydalanishi va huquq tizimining ishlashi haqida xabardor bo‘lishini ta’minlashi zarurligi белgiланди

Yurtimizda inson qadri aziz. Har bir fuqaro xohish-irodasini амалга oshirishi, salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, kelajagini o‘zi tanlash va qurish imkoniyatiga ega. 

Bugun taraqqiyotning yangi bosqichida O‘zbekiston farovonlik va adolat yo‘lida salmoqli yutuqlarga erishdi, деб ишонч bilan aytamiz. Bunda, albatta, mehnatkash va oliyjanob xalqimizning hissasi beqiyos. Zero, inson chin ma’noda qadr topgan, erkin va farovon hayot qurish, adolat va qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikka erishish, qudratli yangi O‘zbekistonni barpo etish har birimizning asosiy maqsadimizdir.

Norgul Abduraimova, O‘zA