Muloqot davomida Fanlar akademiyasiga qarashli va yondosh hududdagi 113 gektar maydonni shartnoma asosida ajratish, shuningdek yerni tayyorlash, ekin ekish va parvarishlash bo‘yicha tomonlar majburiyati belgilab olindi.
Shuningdek, qo‘shni davlatga sifatli bug‘doy urug‘i yetkazib berish, zamonaviy sug‘orish va parvarishlash texnologiyalarini amaliyotga joriy qilish, So‘g‘dda Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tajriba maydoni tashkil qilish uchun Tojikiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasiga qarashli 10 gektar yerni ajratishga qaror qilindi.
Kelishuv asosida 1 000 gektar joyga O‘zbekiston tajribasi asosida sholi ekiladi, 25 gektar samarasiz bog‘ beg‘araz asosda intensiv boqqa aylantiriladi, Xatlon viloyatidagi 14 ming gektar maydon foydalanishga topshirilib, sholi yetishtirish uchun bosqichma-bosqich o‘zlashtiriladi.
Tomonlar 1 noyabrga qadar Tojikistonga 17 dona zamonaviy to‘quv uskunasi, 1 to‘plam ipak o‘rash uskunasi hamda 500 ming dona intensiv tut ko‘chati yetkazib berish masalasi va “Xo‘jand atlas” korxonasi negizida qo‘shma pillachilik majmuasi tashkil etish loyihasini muhokama qildilar.
Muloqot so‘ngida 1 oktyabrgacha So‘g‘dda tashkil qilingan AKIS binosini ta’mirlash, kompyuter va mebel bilan jihozlash hamda o‘zbek urug‘i va ko‘chati sotishga mo‘ljallangan maxsus do‘kon tashkil etish, mineral o‘g‘it eksportini yo‘lga qo‘yish yuzasidan ham gaplashib olindi.
M. Pirmatova, O‘zA