Saylov – 2024

Bugun Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda siyosiy partiyalarning vakolatli vakilini ro‘yxatga olishga doir masala ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun o‘zining vakolatli vakilini tayinlashga haqli.

Vakolatli vakilni ro‘yxatga olish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Siyosiy partiyaning vakolatli vakili to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi. Unga ko‘ra siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlangani rasman e’lon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda o‘z vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.

Shu bois, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari o‘z vakolatli vakillarini tayinlab, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ilk bor “E-saylov” axborot tizimi orqali MSKga murojaat qildi.

Majlisda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbarlari tavsiya etgan vakolatli vakillarga tegishli hujjatlar ko‘rib chiqildi.

Shundan so‘ng vakolatli vakillarni ro‘yxatga olish hamda ularga belgilangan shakldagi mandatni berish haqida qaror qabul qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olish jarayonlari “E-saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirildi hamda vakolatli vakillarga mandatlar elektron shaklda tizim orqali berildi.

Muhtarama Komilova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA