Yoshlarning har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratish, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlar siyosati nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqamiz va xalqaro darajadagi hamkorlikni, birgalikdagi sa’y-harakatlarni taqozo etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi Bitimni (Dushanbe, 2023 yil 14 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi bilan 2023 yil 14 sentyabrda Markaziy Osiyoning beshta respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish belgilanmoqda. Bitim loyihasi davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, ularning bu boradagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

— Mazkur bitimda yoshlarni Markaziy Osiyo davlatlarining ijtimoiy, madaniy, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotiga jalb etish, yoshlarning o‘zini namoyon etishi, ijtimoiylashuvi va har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratish masalalari ko‘zda tutilgan, — deydi deputat Umida Rahmonova. — Shuningdek, ularning jamiyat hayotidagi roli va faolligini oshirish, sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan turli dasturlarni ishlab chiqish maqsadlari belgilangan. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ilmiy-innovatsion hamkorlikni rivojlantirish, mintaqa davlatlari yoshlari ishtirokida ommaviy tadbirlarni tashkil etishga ko‘maklashish ham nazarda tutilgan. Shu ma’noda qonun loyihasi dolzarb ahamiyatga ega. Unda nazarda tutilayotgan yangiliklar yoshlar siyosati sohasida Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro do‘stlik va sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantiradi. Eng muhimi, mintaqadagi yoshlarning o‘zaro yaqin hamkorligiga, bilim va tajriba almashishiga xizmat qiladi.

Muhokama va fikr-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA