O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev Qirg‘iz Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Oktyabr Urmambetov bilan uchrashdi.

Vazir o‘rinbosarlari jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish borasida qilingan ishlar yuzasidan fikr almashdi.

Muzokara jarayonida huquqbuzarliklar chuqur tahlil etilib, sohada hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Suhbat davomida keyingi yillarda butun dunyo miqyosida tobora avj olib borayotgan kiberjinoyat, o‘g‘rilik, firibgarlik va tovlamachilik kabi jinoyatlar oqibatida fuqarolarning mol-mulkiga tahdid ko‘payib borayotgani va uning oldini olish ta’sir-choralari haqida ham so‘z bordi.

Shuningdek, xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanish va tajriba almashish bo‘yicha ham fikrlar tinglandi.

Uchrashuv davomida general-mayor B.Abdullayev Qirg‘iz Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Davlat mas’ullari sohada hamkorlikni yanada kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Mazkur uchrashuv har ikki tomon uchun manfaatli bo‘ldi.

N.Abduraimova,

O‘zA