Ayni kunlarda mamlakatimizda bo‘lib turgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) missiyasi vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi vakillari bilan uchrashdi.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida  ikki tomonlama aloqalarni o‘rnatish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi qator masalalar muhokama qilindi. Mehmonlarning filial professor-o‘qituvchilari va ilmiy bo‘lim xodimlari bilan muloqoti davomida asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi chorvachilik tarmoqlari bilan yaqindan tanishish, veterinariya sohasi bo‘yicha hamkorlikda yirik loyihalarni amaliyotga tatbiq etish hamda yangi g‘oyalarni ilgari surish masalalarida foydali takliflar bildirilib, muhim masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Tashrif doirasida mehmonlar filialda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv xonalari, vivariy va o‘quv-laboratoriyalari bilan yaqindan tanishdi. Ularga filialdagi o‘quv jarayoni, laboratoriya xonalarining jihozlanishi yuzasidan zarur ma’lumotlar berildi.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) missiyasi vakillarining mamlakatimizga tashrifi avgust oyiga qadar davom etishi rejalashtirilgan.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri