Ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, dushanba kuni Tayvan atrofida 34 dengiz kemasi va 125 samolyot paydo bo‘lgan.

Xitoy Tayvan qirg‘og‘ida yangi harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi. Orol rahbari Uilyam Layning anneksiyagayoki mamlakat suverenitetiga tajovuz qilishga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi fikri XXR hukumatiga yoqmagan ko‘rinadi.

Bir necha yildirki, Xitoy o‘zini o‘zi boshqaradigan Tayvan orolini o‘ziniki, deb hisoblaydi, Rais Si Szinpin,lozim bo‘lsa, hududni kuch bilan qaytarib olishga va’da bergan.

Davlat OAVda e’lon qilingan xaritalarda Xitoy harbiy kuchlari butun orol atrofida joylashganini ko‘rish mumkin. Keyinroq mashq muvaffaqiyatli yakunlangani aytildi.

Xalq ozodlik armiyasi nomi bilan tanilgan Xitoy harbiylari ta’kidlashicha, mashg‘ulot armiyaning barcha qanotlarini qamrab olgan va Tayvanga quruqlik, dengiz va havo orqali hujum qilish amaliyoti ko‘rib chiqilgan.

Qo‘mondonlik matbuot kotibi Li Xi tadbirda qo‘shinning “integratsiyalashgan qo‘shma operatsiya imkoniyati to‘liq sinovdan o‘tgani”ni ma’lum qildi.

Atrofdagi jiddiy vaziyatga qaramay, Tayvan aeroportlari va portlari odatdagidek ishladi.

Orol mudofaa vazirligi oldingi bayonotida Xitoy harakatini qoralab, ma’muriyat qarama-qarshilikni yanada kuchaytirishi mumkin bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvlarning oldini olmoqchi ekani va chetdagi orollar yuqori ogohlantirish holatiga keltirilganini bildirdi.

XXR TIV harbiy hujumga va port qamaliga tayyorgarlik ko‘rilganini tasdiqlab,orolning mustaqillikka intilishi mintaqadagi tinchlikni buzadi, dedi.

Xitoy qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Tayvan atrofida patrullar yurak shaklida joylashgan suratini bosib chiqardi.

Ma’lumki, XXR 2022 yildan beri Tayvan qirg‘oqlarida bir necha yirik harbiy mashg‘ulot o‘tkazgan, mamlakat qiruvchi samolyotlari muntazam ravishda orol havo hududiga kirib turadi.

Oxirgi mashq Pekin tomonidan “Qo‘shma qilich 2024-B” deb nomlangan. Hozirgacha bo‘lgan eng yirik amaliyot sifatida ta’riflagan ushbu mashg‘ulot ancha vaqtdan beri Tayvan mustaqilligini himoya qiluvchi, Xitoy muammo sifatida qabul qiladigan Prezident Layga qarshi “qizil chiroq” bo‘ldi. Uning Tayvan milliy kunidagi so‘nggi izohi XXR tomonidan qoralandi va Lay yomon niyatda keskinlikni kuchaytirayotgani ta’kidlandi.

Bu mashqlar ko‘pchilik tomonidan kutilgan bo‘lsa-da, Xitoy kema va samolyotlari Tayvanga juda yaqin joylashtirilishi, shuningdek olovli ritorika tajovuzkor hatti-harakat sifatida baholandi.

AQSH bunga javoban, Layning “odatiy” nutqidan keyin mashg‘ulot uchun hech qanday asos yo‘qligi, Xitoy mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka putur yetkazishi mumkin bo‘lgan keyingi harakatdan qochishi kerakligini aytdi.

Darhaqiqat, Xitoy Tayvanni harbiy jihatdan qo‘rqitishining yaqin tarixi Tayvan o‘zining birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentlik saylovini o‘tkazgan 1996 yilga borib taqaladi. O‘shanda Pekin Tayvan atrofidagi bir necha hududni chegaralangan, deb e’lon qilib, shimoliy va janubiy qirg‘oq yaqinidagi hududlarga qisqa masofali ballistik raketalar uchirgan.

AQSHning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Bill Klinton orolga hujumning oldi olinishini ko‘rsatish uchun mamlakat harbiy-dengiz kuchlarini sekingina Tayvan bo‘g‘oziga olib kirdi.

2008-2016 yillar – Tayvanning Demokratik taraqqiyot partiyasi rahbari Say Inven Prezident etib saylangunga qadar keskinlik sezilarli darajada pasaygan. Ushbu partiyani qat’iy mustaqillik tarafdori sifatida ko‘radigan Xitoy Taypeydagi hukumat bilan har qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani uzdi. Shundan buyon ayni holat saqlanib qolgan.

2022 yil avgustda AQSH parlamenti spikeri Nensi Pelosi Taypeyga uchib keldi. Bu 1997 yildan beri birinchi marta sodir bo‘ldi. Mazkur tashrif va Tayvanni ochiq qo‘llab-quvvatlash Pekin tomonidan jiddiy provokatsiya sifatida qabul qilindi. Qolaversa, yangi hukumatning yuqori martabali AQSH siyosatchisi tomonidan rasman tan olinishi, deya baholadi.

O‘shanda Xitoy ikki kunlik mashg‘ulot o‘tkazib, ilk bor orol ustidan Tinch okeaniga ballistik raketalarini uchirgandi.

Musulmon Ziyo, O‘zA