“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi – amalda

Aholi talablari va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan asosiy g‘oyalardan biridir. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida “Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta’minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratish”, deya ta’kidlagan edi. Shu asnoda iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi.

2024 yil 11 sentyabr kungi videoselektor yig‘ilishida Prezidentimizning O‘zbekistonda kambag‘allikni kamaytirishni yangi sifat bosqichiga olib chiqish yuzasidan bergan topshiriqlari iqlim o‘zgarishi va xatarlar ko‘lamining ortishi tufayli kambag‘allikdan chiqarishning xalqaro tajribasiga kompleks yondashuvni talab etadi.

Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi oqibatida ko‘rilgan zararlar miqdori 1980 yilda 55 milliard, 2010 yilda 180 milliard va 2023 yilda esa 300 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Ushbu iqtisodiy zarar qator mamlakatlar xonadon egalari, qishloq xo‘jaligi, mayda fermerlar, pirovardida, oziq-ovqat bozorlariga o‘z bosimini o‘tkazgan va o‘tkazib kelmoqda.

Tabiiy yoki texnogen ofatlar o‘g‘irlik singari ko‘plab xatar va qaltisliklari bilan o‘rtahol aholini kambag‘alga, kambag‘alni esa qashshoqqa aylantirish ehtimoli juda katta.

Bundan himoyalanishning vositasi sifatida paydo bo‘lgan moliyaviy innovatsiya – mikrosug‘urta aholini iqtisodiy zaif qatlamlarini xavf-xatarlardan himoya qilishning kuchli vositasiga aylandi.

Dastlab mikrosug‘urta Hindistonda aholini mikrokreditlash bo‘yicha qo‘shimcha xizmat sifatida paydo bo‘lgan, keyinroq esa alohida tuzilmaga aylangan.

Xitoy tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ushbu mamlakatda mikrosug‘urta bilan keng aholi qatlamlarini qamrab olishda davlat nazorati, yordami va tartibga solish mexanizmiga katta e’tibor qaratilgan.

Janubiy Afrika, Filippin, Indoneziya, Uganda va Braziliya kabi mamlakatlar esa o‘zlarining istiqbolli bozorlarini Alyanz, Zurich, Munich RE, Swiss RE va boshqa yirik sug‘urta kompaniyalariga ochib berdi.

Bu sog‘liq, hayot, mulk, qishloq xo‘jaligi va tabiiy ofatlardagi qator xatar va qaltisliklardan kam ta’minlangan aholi qatlamlari va ularning mol-mulkini ishonchli himoya qilish orqali kambag‘allikni kamaytirishga hissa qo‘shdi.

O‘zbekiston aholisining aksariyati, ayniqsa, qishloq joylarda uy qurishga yillar davomida yig‘inadi, o‘zbek xonadoni uchun uy alohida qadriyat, vatan ichidagi vatanga aylanadi. Iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar, seysmik faollik Uy-joy mikrosug‘urta dasturini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish ahamiyatini oshiradi.

Kambag‘allikni qisqartirish masalasi umumdavlat ahamiyatiga molik masala, deb e’tirof etilayotgan, iqlim o‘zgarishi munosabati bilan xatar va qaltisliklar, iqtisodiy zararlar geometrik progressiya kabi o‘sib borayotgan bir paytda sohada institutsional masalalarni hal etish, normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, aholi uy-joylarini himoyalash masalasida mavjud oqsoqliklarni bartaraf etishni talab etmoqda.

Bu omillar esa respublikamizda aholi turmushi yanada ildamlashiga, mol-mulkini turli xatarlardan himoyalash, zararlarni muqobil manbalar hisobidan qoplanishiga imkon yaratadi.

Shu o‘rinda davlatimiz rahbari tomonidan sug‘urta tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ushbu sohada iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2019 yil 2 avgustda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qator bandlari mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylangan bir paytda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 sentyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda “Bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi. Hukumatdan tortib, tuman tashkilotigacha barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning kundalik ishi oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish bo‘lishi kerak. Bu borada nazorat ham, so‘rov ham qattiq bo‘ladi”, deya ta’kidlagan edilar.

Samidillo MAHMUDOV,
iqtisodchi.

O‘zA