Sobiq Bosh vazir Boris Jonson Buyuk Britaniya Qirolligi protokolida qayd etilmagan “sir”larni ommaga oshkor qildi.

10 oktyabr kuni peshtaxtalardan o‘rin olgan va shu hafta “Daily Mail” gazetasi seriyalashtirgan kitobda Jonson Shotlandiyaning Balmoral shahrida o‘tgan monarxning so‘nggi kunlarini esladi.

Jonson 2022 yil sentyabrda Yelizaveta II o‘limidan ikki kun oldin rasman iste’foga chiqqan.Keyingi yillarda Qirolicha qanday vafot etgani haqida turli mish-mish tarqaldi.

– Men Qirolicha suyak saratoni bilan kasallanganidan bir yil oldin xabar topgan edim, – deb yozadi u to‘plamda. –Mas’ul shifokorlar ham uning sog‘ligi to‘satdan yomonlashishi mumkinligidan xavotirda edi.

Guvohnomada monarxning o‘limiga keksalik sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan. Binobarin, sobiq martabali hukumat amaldorining qirolicha o‘limiga nisbatan izohi ilk ommaviy dalil sifatida yangradi.

Jonson avtobiografiyasida o‘z hayoti, lavozimda ishlagan vaqti va marhum qirolicha bilan munosabatini eslagan birinchi bosh vazir emas. Faqat sobiq rahbarlar Toni Bler, Gordon Braun va Devid Kemeron bu mavzuni umumiy ma’noda, Jonsondan farqli o‘laroq, yorqin tafsilotsiz yozgan.

Bukingem saroyi, odatda, qirol oilasi haqida nashr etilgan kitoblarga izoh bermaydi. Shuning uchun Jonsonning da’vosini tasdiqlash yoki rad etishdan tiyildi.

2019-2022 yillar hukumatga rahbarlik qilgan Jonson iste’fo qarorini aytish uchun Balmoral qarorgohiga borganini eslaydi. Uni shaxsiy kotib Edvard Yang kutib olgan va yozda xonimning ahvoli sezilarli darajada yomonlashganidan ogoh etgan. Boris esa javoban, oldingi uchrashuvda er-xotin qirolicha mehmonxonasida birga o‘tirganini eslab, kotib nima demoqchi ekanini tushunganini bildirgan.

– Uning rangi oqargan, qaddi biroz egilgandek ko‘rindi, qo‘llari va bilaklari to‘qish ko‘kargan edi, – deydi Jonson. – Baribir, Edvard aytganidek, qirolicha xastalikka butunlay taslim bo‘lmayotgani sezilib turardi. Suhbat davomida vaqti-vaqti bilan o‘zining to‘satdan kayfiyatni ko‘taruvchi go‘zalligini, o‘sha ajoyib oqish tabassumini namoyon qilar edi. Xonim shunday kuchli sabr-toqat va yetakchilik axloqini ko‘rsatdiki, odamlar, agar kerak bo‘lsa, uning uchun hayotini baxsh etishga ham tayyor edi. Kim uchundir g‘alati tuyulishi mumkin, ammo bu sodiqlik, qanchalik ibtidoiy ko‘rinmasin, muhim edi. Yurtga mehribon, dono, xalq manfaatini o‘ylaydigan, siyosatdan ustun fazilati bilan u o‘z ishini ajoyib tarzda bajardi.

Marhum qirolicha hech qachon shaxsiy tibbiy ma’lumoti mazmunini jamoatchilik bilan baham ko‘rmagan. Zero, qirollik xonadoni a’zolari ham boshqalar kabi tibbiy shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.

Qirol Charlz III va Uels malikasi Ketrin esa bu an’anadan voz kechib, sog‘lig‘i haqida ochiqroq gapirdi. Ya’ni, o‘zlaridagi saraton tashxisi va davolanish jarayonini oshkor qildi.

Eslatib o‘tamiz, marhuma Buyuk Britaniyani 70 yil-u 214 kun boshqarib, ikkinchi eng uzoq hukmronlik qilgan shaxsga aylandi.

Yelizaveta II 1926 yil 21 aprelda tug‘ilgan va 2022 yil 8 sentyabrda vafot etgan.

Musulmon Ziyo, O‘zA