O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Arxitektura va qurilish sohasi faxriylariga qulay shart-sharoitlar yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston me’morlar uyushmasining O‘zbekiston Respublikasi arxitektura va qurilish sohasi faxriylari kengashi nodavlat notijorat tashkiloti tuziladi.

Faxriylar kengashining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

shaharsozlik va arxitektura sohasini jadal rivojlantirishda arxitektura va qurilish sohasi faxriylarining noyob va boy hayot tajribasi, amaliy mahorati va salohiyatidan keng foydalanish;

shaharsozlik va arxitektura sohasini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, ushbu sohada konsepsiyalar va dasturlarni shakllantirishda ishtirok etish;

shaharsozlik sohasidagi zamonaviy talablarni amaliyotga joriy etish, milliy arxitektura-madaniy an’analarni rivojlantirish, shuningdek, shahar hududlaridan samarali foydalanish va aholi punktlarining arxitektura- rejalashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

shaharsozlik normalari va qoidalari hamda standartlarni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, ushbu sohadagi normativ hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;

faxriylarning sohadagi yosh mutaxassislarni yuksak ma’naviyat, mexnatkashlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda faol ishtirokini ta’minlash uchun sharoitlar yaratish;

faxriylarining ma’naviy ehtiyojlarini qondirish, qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, munosib turmush darajasi va ijtimoiy mavqeini ta’minlash;

Kengashning respublika arxitektura va qurilish sohasidagi mehnat jamoalarining ishlab chiqarish va ijtimoiy hayotidagi hamda har bir faxriyni qo‘llab-quvvatlash choralari bilan qamrab olishdagi tashkilotchilik roli va ahamiyatini oshirish;

faxriylarning ijtimoiy va moddiy holatini yaxshilash, ularga maishiy, tibbiy, madaniy va boshqa turdagi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ko‘maklashish;

faxriylar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy, madaniy hamda sport tadbirlarini tashkil etish, yoshlar bilan, shu jumladan, sohaga oid oliy va professional ta’lim muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazish.

Faxriylar kengashi qarorlari tavsiyaviy xarakterda bo‘lib, Kengash tomonidan bevosita yoki bilvosita qurilish tashkilotlari moliyaviy-iqtisodiy va ishlab chiqarish faoliyatiga aralashilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zA