Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan barcha islohotlar zamirida o‘quv jarayonlarini samarali tashkil etish orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, yoshlarning bilimini zamon bilan hamnafas ravishda yangilab borish kabi ezgu maqsadlar mujassam.

Bu borada xorijiy va qo‘shni davlatlarning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik  aloqalarini o‘rnatib, o‘quv jarayoniga yuqori malakaga ega professor-o‘qituvchilarni jalb etish ham katta ahamiyat kasb etadi.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ushbu yo‘nalish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bugungi kunga qadar Qirg‘iziston va Qozog‘iston Respublikalari  “QS World University Rankings” 500 taligiga kiradigan  oliy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, ijobiy natijalarga erishilmoqda. Jumladan,  o‘qituvchilar almashinuvi  yo‘lga qo‘yilib, professorlarning filial talaba-yoshlariga ma’ruza o‘tishi tashkil etib kelinmoqda.

Filialga Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti professori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-uyg‘ur avtonom tumani Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi faxriy professori, Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi akademigi J.Parjanov tashrif buyurdi.

Mehmon dastlab filial rahbariyati bilan olib borilgan muloqot davomida mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va kelgusida ushbu hamkorlik aloqalarini ko‘p qirrali sheriklik asosida kuchaytirib borish, ilmiy faoliyat sohasida hamkorlikni rivojlantirish, Qozog‘iston va Qoraqalpog‘istonning qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish, ma’lumot va tajriba almashish, shu orqali talaba-yoshlarning bilimlarini yanada kengaytirib borish haqida so‘z yuritdi.

Qozog‘istonlik  akademik “Zooinjeneriya” yo‘nalishining 2- bosqich talabalariga dars o‘tdi. Jumladan, “Yilqichilik va tuyachilik” fanidan olib borilgan ma’ruzaga qo‘shimcha tarzda Qozog‘istondagi naslli yilqilar va ularning parvarishi,  yilqi chorvachiligining rivojlanish bosqichlari, zotdor otlarni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va mazkur yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekiston bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani xususida qiziqarli ma’lumotlar berildi.

–  Qoraqalpog‘istonga ilk tashrifimni aynan ushbu filialdan boshladim, boisi, bu yerda zooinjeneriya yo‘nalishi bo‘yicha raqobatbardosh kadrlar tahsil olmoqda, – deydi akademik J.Parjanov. – Yoshlarning bilimga chanqoqligi, kasbiga bo‘lgan mehrini mamnuniyat bilan e’tirof etsak bo‘ladi. Filial bilan hamkorlikni yanada kengaytirib,  kelgusida xalqaro ilmiy loyihalar va konferensiyalarda faoliyat olib borish, professor-o‘qituvchilar,  talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi muhim masalalarni muhokama qildik.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri