Bojxona organlari tomonidan eksportchilar, ishlab chiqaruvchilar, dehqon hamda fermerlar uchun soddalashtirilgan “Eksport uch qadamda” tizimi ishlab chiqilib, joriy yilning 25 mart sanasidan boshlab avtomobil tashuvlarida amalga oshiriladigan eksport operatsiyalari uchun amaliyotga joriy etildi.
Ushbu tizim afzalliklarini tadbirkorlik sub’ektlariga tushuntirish maqsadida joylarda davra suhbatlari tashkil etilmoqda.Nukus TIF bojxona postida tashkil etilgan shunday uchrashuvlarning navbatdagisi Bojxona qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi mas’ullari va hududda faoliyat yurituvchi eksportyor korxonalar vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tizim joriy etilgunga qadar 9 bosqichda amalga oshirilib kelinayotgan eksport operatsiyalari endilikda 3 bosqichda O‘zbekiston tovarlarining dunyo bozorlariga chiqishiga imkon yaratmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlarining ham vaqt, ham harajatlari iqtisod qilinib, qulay ishbilarmonlik muhitining yaratilishiga zamin yaratmoqda.
Qayd etish lozimki, bugungi kunga qadar hududda faoliyat yuritayotgan 10 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti ushbu tizim afzalliklaridan keng foydalanib, 50 dan ortiq bojxona yuk deklaratsiyasi orqali tovarlar eksportga soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan. Tez buziluvchan meva-sabzavot mahsulotlari uchun katta hajmli chegara bojxona postlarida (shu jumladan, “Dovud-ota” chegara bojxona postida ham) alohida yo‘laklar tashkil etilgan bo‘lib, ushbu mahsulotlarning bojxona rasmiylashtiruvi navbatsiz, soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, TIF bojxona posti xodimlari tomonidan tez buziluvchan meva-savzavot mahsulotlari tashilayotgan avtotransport vositalari haydovchilariga xalqaro standartlarga mos farqlash belgilarini avtotransport vositasining old oyna o‘ng tomoniga o‘rnatish yuzasidan ham targ‘ibot ishlari olib borilib, namuna tariqasida maxsus farqlash belgilari tarqatilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri