Innovatsion rivojlanish vazirligiga Xitoyning Chansha shahridagi Xay-tek milliy sanoat rivojlanish zonasining bosh direktori o‘rinbosari Chen Datsin boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati bizga xabar berdi.
– O‘zbekistonda innovatsion sanoat parkini hamkorlikda tashkil qilish har ikki tomon uchun ham manfaatli hamkorlikning boshlanishi bo‘ladi, deb ta’kidlagan uchrashuv vaqtida janob Datsin.
– Biz O‘zbekistonga nafaqat yangi texnologiyalarni, balki innovatsiyalarni tatbiq qilish tajribasiga ega bo‘lgan boshqaruvchilarni, malakali kadrlarni ham olib kirish orqali hamkorligimiz samarasini yanada oshiramiz.
Delegatsiyani qabul qilgan Innovatsiya vaziri Ibrohim Abdurahmonov esa “yurtimizda ilmli, o‘z sohasini yaxshi biladigan mutaxassislar bisyor ekanini, ammo ilm-fan yutuqlarini tijoratlashtirish bo‘yicha tajriba yetarli emasligini” aytib, bu borada xitoylik investorlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini, ma’lum qildi.
Chen Datsin ta’kidlaganidek, aynan ilmiy-texnik taraqqiyot Xitoy va uning xalqi turmushini butkul o‘zgartirgan. Mamlakat rivojlanib oyoqqa turishida innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilinishining ahamiyati yuqori bo‘lib, Xitoyning bugungi strategiyasi 2050 yilga kelib moliyaviy tavakkalchilikni kamaytirish, mamlakatda qashshoqlikka barham berish va ekologik muammolarni yechishga qaratilgan.
Uchrashuvda shuningdek, Innovatsion taraqqiyot yo‘lida boshqa mamlakatlar tomonidan qilingan xatolarni takrorlamaslik, O‘zbekistondagi mavjud shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda xorij tajribasidan foydalanish zarurligini ta’kidlandi. Do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikka oid yo‘l xaritasini tuzishga kelishib olishdi.
Ma’lumot uchun: Janubiy Xitoyning yirik ma’muriy-sanoat markazi bo‘lmish Chansha mamlakatning eng rivojlangan 20 ta shahridan biri sanaladi. Xay-tek milliy sanoat rivojlanish zonasi hukumat tomonidan tashkil etilib, davlat tasarrufida faoliyat yuritsa-da, 25 mingga yaqin xususiy kompaniyalarni o‘zida birlashtiradi. Bu kompaniyalarning xorijda 22 ta uyushmalari vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda.