Katta yoshdagi har 100 ming kishiga eng ko‘p bank bo‘limi to‘g‘ri keladigan mamlakatlar ma’lum qilindi. Bu borada mitti San-Marinoga teng keladigan davlati yo‘q ekan. “RIA Novosti” ushbu xabarni ochiq manbalarga tayanib tarqatgan.
Mazkur reyting dunyoning 170 mamlakati aholisi soniga nisbatan tuzilgan. Yevropa janubida joylashgan San-Marinoda har 100 ming kishiga 106 bank bo‘limi to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rindagi Boliviyada bu raqam 72,07 ga teng.
Yetakchi beshlikdan Bolgariya (61,47), Mo‘g‘uliston (61,29) va Lyuksemburg (56,54) ham joy olgan. Ro‘yxatning quyi qismida Kongo Demokratik Respublikasi (0,7 bo‘lim), Kongo (0,67 bo‘lim) va Ukraina (0,39 bo‘lim) qayd etilgan.
Umuman, dunyo bo‘yicha bugungi kunda har yuz ming kishiga o‘rtacha 11,18 bank bo‘limi xizmat ko‘rsatmoqda.