Aholi muammolarini hal etish, turmush sharoitiva hayot sifatini yaxshilash – bosh maqsadimiz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-iyun kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish, aholi yashash joylarini obod maskanga aylantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2018-yil 29- martdagi “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, joriy yilda 159 ta tumandagi 386 ta qishloqda qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu qishloqlarda 142 mingta yakka tartibdagi uy-joy va 1000 dan ziyod ko‘p qavatli uyni ta’mirlash, 2,5 ming kilometr elektr, 495 kilometr gaz, 2 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini tortish va qayta tiklash, 17 ming dona kanalizatsiya qudug‘i va 3 ming kilometr yo‘llarni ta’mirlash, 2 ming 400 ta bozor va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish belgilangan.

Bundan tashqari, 388 maktab, 313bog‘cha, 168 tibbiyot muassasasi, 38 mahalla binosi va 55 boshqa ijtimoiy soha obyektini qurish va ta’mirlash rejalashtirilgan.

Bugun kunga qadar 51 ming 660 yakka tartibdagi uy-joy, 518 ko‘p qavatli uy, 610 kilometr elektr tarmog‘i, 66 kilometr gaz quvuri, 398 ta transformator punkti ta’mirlangan.

Yig‘ilishda bu boradagi dastlabki natijalar atroflicha tahlil qilindi. Dasturda belgilangan ishlarni tashkil qilish va amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, dasturga qo‘shimcha kiritilgan 64 qishloqning 44 tasi bo‘yicha, xususan, Andijonda – 22, Navoiyda – 6, Toshkent viloyatida – 13, Xorazmda – 3 ta qishloqning bosh rejasi ishlab chiqilmagan.

Prezidentimiz dasturni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni shakllantirish borasidagi ishlar sustkashlik bilan olib borilayotganini tanqid qildi. Qator hududlarda uy-joylarni ta’mirlash ishlari hanuz talab darajasida tashkil etilmagan. Misol uchun, 54 qishloqdagi jami 14 mingta uy-joyni ta’mirlash ishlari boshlanmagan. Qishloq joylardagi ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash ishlari talab darajasida emas.

Yig‘ilishda dastur doirasida aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlarni takomillashtirish zarurligi ta’kidlanib, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida suv tarmoqlarini qurish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.

O‘tkazilgan tahlillar qishloqlarda sizot suvlar sathini pasaytirish borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmaganini ko‘rsatmoqda. Sizot suvlar sathini pasaytirish uchun 2,2 ming kilometr melioratsiya tarmoqlarini ta’mirlash va tiklash talab etiladi. Biroq, bugungi kunda atigi 220 kilometr kollektor-drenaj tizimida ishlar bajarilgan.

Davlatimiz rahbari ikki hafta muddatda qishloqlarda irrigatsiya va kollektor-drenaj tarmoqlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishni yakunlab, ishlarni boshlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

Yig‘ilishda 73 qishloqda 455 kilometr elektr tarmoqlarini hamda 40 aholi punktida 76 kilometr gaz ta’minotini ta’mirlash ishlari haligacha boshlanmagani alohida ko‘rsatib o‘tildi. “O‘zbekenergo” AJ rahbariyatiga bu qoloqlikni tezda bartaraf etish, mahalliy hokimliklar bilan birga ikki hafta muddatda ushbu qishloqlarda elektr energiyasi tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini boshlash vazifasi topshirildi.

Shuningdek, chekka hududlarga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berish bo‘yicha kunlik grafik ishlab chiqib ijrosini ta’minlash, dasturga kiritilgan qishloqlar va ularga tutash hududlarda avtomobil yo‘llarini ta’mirlashni kuzga qadar yakunlash zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda yana bir muhim masalaga e’tibor qaratildi. Dasturga kiritilgan qishloqlarda ijtimoiy soha obyektlarini qurish va ta’mirlash ishlari orqada qolmoqda. Jumladan, 318 maktab bo‘yicha loyiha-smeta ishlari yakunlanmagan. 109 oilaviy poliklinikani ta’mirlash bo‘yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqish va tasdiqlashni jadallashtirish zarur. Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida tibbiyot muassasalarini ta’mirlash ishlari kechiktirilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari faqat Buxoro, Jizzax, Navoiy va Toshkent viloyatlarida o‘z muddatida bajarilmoqda.

Qishloq joylarda zamonaviy savdo nuqtalari hamda maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari barpo etish qishloq aholisi turmush sharoiti yaxshilanishida muhim samara beradi. Bundan 2 oy oldin o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloqlarda 368 savdo kompleksi qurish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Ayni kunda ularning 52 tasini qurish boshlangan, 36 tasiga yer ajratilgan, 66 tasi rekonstruksiya qilinmoqda.Yig‘ilishda 214 supermarket tipidagi savdo komplekslarini qurish, qishloqlarda maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari va hammomlarni namunaviy loyihalar asosida barpo etish uchun bo‘sh turgan bino-inshootlarni tadbirkorlarga berish choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi.

Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha viloyatlarida qurilish-obodonlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. Yig‘ilishda hududlarga qurilish materiallarini uzluksiz va yetarli miqdorda yetkazib berish, qishloqlarda shunday mahsulotlar do‘konlari ochish zarurligi ta’kidlandi. Bu belgilangan tadbirlarning sifatli va muddatida bajarilishini ta’minlab, qurilish ishlari narxi oshib ketishining oldini oladi.

Ma’lumki, Prezidentimiz shu yil 1 iyun kuni Chilonzor tumanidagi Xirmontepa va Tirsakobod mahallalarida bo‘lganida “Obod mahalla” dasturi loyihasini shakllantirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Bugungi kunda tajriba sifatida Toshkent shahrining 11tumani va yurtimizdagi 30 shaharda 1 tadan mahalla hududida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi mahallalarni o‘rganish borasida boshlangan ishlar xususida to‘xtalar ekan, poytaxtimizdagi ahvol viloyatlardagi eng chekka qishloqlardan ham achinarli ekanini afsus bilan qayd etdi.

– Xalqimiz bir oydan buyon Toshkent shahridagi mahallalar ahvoli to‘g‘risidagi teleko‘rsatuvlarni ko‘rib borayapti. Nafaqat Chilonzorda, balki shaharning deyarli barcha tumanida Manasdagi sharoitdan battar joylar borligini hokimlar va mutasaddi idoralar rahbarlari bilmaydi. Sababi, rahbarlar bunday joylarga umuman bormagan, – dedi Prezidentimiz. – Qachongacha hokimliklar va mutasaddi idoralar rahbarlari yuqoridan topshiriq kelishini kutib o‘tiradi, qachon ular muammo va kamchiliklarni o‘z tashabbusi bilan bartaraf etishni boshlaydi? Afsuski, shu vaqtgacha bu savolga hech kimdan javob olmadim.

Ana shu kabi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida “Obod qishloq” dasturi tajribasidan kelib chiqib, “Obod mahalla” dasturi qabul qilindi.

Ushbu dasturga muvofiq, joriy yilda har bir shaharda kamida 2 tadan va 2022 yilgacha har yili kamida 3 tadan mahalla qiyofasi tubdan yangilanadi. Ichimlik suvi, elektr va tabiiy gaz, kanalizatsiya tarmoqlarida qurilish-ta’mirlash, sizot suvlari sathini pasaytirish ishlari olib boriladi. Shuningdek, 5 ming 607 kilometr ichki yo‘llar, 369 ijtimoiy soha obyektini ta’mirlash, 969 bozor infratuzilmasi obyekti va servis shoxobchalari barpo etish mo‘ljallangan. Buning uchun mahalliy hokimliklar huzurida “Obod mahalla” jamg‘armalari tuziladi.

Dasturni amalga oshirish uchun 2018-2019 yillarda jami 3 trillion 130 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur dastur mahallalarni obod qilishda muhim qadam bo‘ladi.

– “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish islohotlarimiz ichida eng muhim o‘rinlardan birini egallaydi, – dedi Prezidentimiz. – Chunki biz xalqimiz oldida ularning muammolarini hal etish, turmush sharoiti va hayoti sifatini yaxshilashga burchlimiz.

Yig‘ilishda dasturga muvofiq qishloq va mahallalarni obod qilish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash yuzasidan qat’iy nazorat mexanizmini yanada kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida har bir tuman va shahar bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni hamda uy-joylar, ijtimoiy va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qurilishini tashkil etish yuzasidan “tarmoq jadvali”ni tasdiqlash zarurligi ta’kidlandi.

Har haftaning chorshanbasi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” kuni deb belgilandi. Shu kuni respublika – viloyat – tuman darajasidagi barcha tashkilotlar bilan ushbu dasturlar ijrosini tanqidiy muhokama qilib, muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

– Joylardagi haqiqiy ahvolni biz xalqimizdan yashirmaymiz va borini qanday bo‘lsa, shunday ko‘rsatib boramiz. Albatta, bu ko‘pchilikka yoqmayapti, ko‘p rahbarlar buni hazm qila olmayapti. Lekin, biz bu boradagi barcha holatni va boshlagan ishlarimizni xalqimiz bilan bamaslahat va jamoatchilik nazorati ostida amalga oshiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektor yig‘ilishida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini o‘z vaqtida, sifatli ta’minlash, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.

 

O‘zA