Marusa Hosilova: “Gazetamiz nodavlat bo‘lsa-da, doimo hukumat e’tiborida ekanimizni his etamiz”

27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlangan bir guruh fidoyi jurnalistlar qatorida nodavlat ommaviy axborot vositalari xodimlari ham borligi quvonarlidir.

Mamlakatimizda nodavlat ommaviy axborot vositalarining tarmog‘i yildan-yilga kengaymoqda. Ular jamiyatimizda ruy berayotgan voqealar, fikr va qarashlar rang-barangligini, o‘zaro ijodiy raqobat muhitini ta’minlashga katta hissa qo‘shmoqda. Shu bois ham ularning soni ortib, auditoriyasi kengayib bormoqda. Xususan, bugungi kunda mavjud tele-radiokanallarning 60 foizini bosma nashrlarning esa 50 foizidan ziyodini ayni nodavlat-notijorat ommaviy axborot vositalari tashkil etmoqda.

– Menga ham davlatimizning yuksak mukofoti topshirildi, – deydi Navoiy viloyatidagi “Tabiat va hayot ” nodavlat ekologik-ma’rifiy gazetasi muharriri Marusa Hosilova. – Gazetamiz nodavlat bo‘lsa-da, doimo hukumat e’tiborida ekanimizni his etamiz. Xususan, keyingi 7 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grantlarini bir necha marotaba yutib oldik. Bu mablag‘lar evaziga joylarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi, tabiiy boyliklarni asrashga chorlovchi bir qator loyihalarni amalga oshirdik. Ushbu mukofot kelgusida faoliyatimizni yanada jadallashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.

 

O‘zA