Poytaxtimizda “MDH farmatsevtika sohasini muvofiqlashtiruvchi organlar bilan mintaqaviy uchrashuv: Dori vositalarining sifatini ta’minlash” va “Zamonaviy sifat muammolarini hal qilish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbir AQSH Farmakopeyasi (USP) va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirni O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Bositxonova kirish so‘zi bilan ochib, konferensiya nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqa davlatlari uchun ham muhimligi, tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi muammolar va ilg‘or tajribalarni tahlil qilish, o‘rganish uchun juda katta platforma ekanligini qayd etdi.

Ushbu nufuzli anjumanga AQSH,Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Tojikiston davlatlaridan soha mutaxassislari tashrif buyurgan.

– USP AQSH Farmakopeyasi konvensiyasi dori vositalari va farmatsevtika mahsulotlari uchun AQSH hukumati standartlarini belgilovchi nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi, – deydi AQSH Farmakopeyasi vitse prezidenti Venkat Surendra. – Ushbu Farmakopeya standartlari jahonning 160 dan ortiq davlatlarida amal qiladi. Jumladan, mamlakatingizda ham ushbu standartlar yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda USP standartlarini O‘zbekistonga yana ko‘proq olib kelish ustida juda ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining sifatini oshirish orqali kelgusida eksportbop dori vositalarini ishlab chiqish uchun zamin yaratilmoqda. Shuningdek, mamlakatingizga kirib kelayotgan dori vositalarining sifatini nazorat qilish borasidagi eng ilg‘or tajribalarni ommalashtirish ustida ishlanmoqda. Bugungi tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu.

Konferensiya dasturida “Farmatsevtika ta’minoti zanjirini mustahkamlash”, “Mintaqaviy uyg‘unlikni targ‘ib qilish” va “Milliy nazorat laboratoriyasi: xizmatlar, muammolar va istiqbollar” kabi ko‘plab mavzular tinglandi.

– Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, dori vositalarining sifatini nazorat qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlarini yagona platformaga birlashtirib, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va fikr almashishdan iborat, – deydi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi vakili Alisher Temirov. –  MDH davlatlaridagi sifat  nazorati muvofiqlashtirish talablarini oshirish orqali biz nafaqat aholimizni sifatli, bezarar, samarali dori vositalari bilan ta’minlash, balki tartiblarni muvofiqlashtirish orqali mahalliy  ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga erishamiz.

Konferensiya MDH davlatlari soha mutaxassislari o‘rtasida ma’lumot almashinuv oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga,bozorlarda sifatsiz mahsulotlarning paydo bo‘lishini oldini olish borasida keng hamkorlik o‘rnatishga yordam beradi.

Mazkur davlatlar o‘rtasida yagona elektron platforma tashkil etiladi. Ushbu platforma orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar, investorlar mazkur davlatlarning farmatsevtika sohasida amalga oshirayotgan ishlari, yangiliklar va normativ hujjatlar bilan tanishib borish imkoniyati yaratiladi.

Xalqaro anjuman ikki kunga mo‘ljallangan bo‘lib, birinchi kun muvofiqlashtiruvchi organlarni o‘zaro muloqotiga bag‘ishlanadi. Ikkinchi kunda esa MDH, Turkiya, Ozarbayjon davlatlaridan kelgan mehmonlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan muloqot o‘tkazib, tajribalari bilan o‘rtoqlashadilar.

Bugungi tadbirda Avstraliya dori vositasining sifatini nazorat qilish organlari xodimlari ham “Zoom” orqali ishtirok etib, o‘zlarining tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimiz tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar, bu kabi yirik anjumanlarning tashkil etilishi yurtimizda dori vositalari sifat nazoratining xalqaro talablar darajasida bo‘lishini ta’minlaydi. Shuningdek, yurtimizda ishlab chiqariladigan mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining sifat bo‘yicha dunyo bozorida raqobatbardoshligi hamda eksport hajmining oshishiga olib keladi.

Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA