Yo‘l intizomiga rioya etmaydigan piyodalar uchun javobgarlikni og‘irlashtirish, yuk avtomobillarida yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanganlik uchun, skuter, moped, velosiped boshqarish jarayonida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarliklar belgilanmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.

Majlisda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevning ta’kidlashicha, amaldagi qonunchilikda aniq muddat ko‘rsatilmagani bois avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi holatlari bir necha kun yoki oylardan keyin ijroga kelib tushmoqda. Bu esa fuqarolarning ushbu qoidabuzarliklarni tan olmasligi yoki to‘planib qolgan jarimalarni to‘lashga qiynalib qolishiga olib kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilgani qayd etilgan hollarda transport vositasining mulkdori to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lmasa, shuningdek, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxsga 48 soat ichida yuborilmagan bo‘lsa hamda 15 kun ichida jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarilmagan bo‘lsa, ishni ko‘rib chiqishni tugatish belgilanmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17/1-moddasiga tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar yuzasidan yuritilgan ma’muriy ishlarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechgan holda tugatish tartibini joriy etish belgilanmoqda. Vazir o‘rinbosari qayd etganidek, 2020, 2023-yillarda ushbu xizmat vositalari bilan bog‘liq 20 ming 596 ta qoidabuzarlik holati qayd etilgan. Shundan 10 ming 444 tasi tugatilgan, 10 ming 173 tasida jarimalar qo‘llanilgan.

Loyihadagi yana bir masala. Amaldagi yo‘l qoidalariga ko‘ra, yuk avtomobillariga chapga qayrilish va burilish uchungina yo‘lning chetki chap qismini egallashga ruxsat berilgan, qolgan vaziyatlarda taqiqlangan. Qonun loyihasiga ko‘ra, yuk avtomobillarida yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanganlik, qarama-qarshi yo‘nalishdan to‘g‘riga yoki o‘ngga harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l bermaganlik uchun javobgarlik kiritilmoqda.

Bundan tashqari, loyihada kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalari hamda individual harakatlanish vositalari — skuter, moped, velosiped haydovchi, individual harakatlanish vositasini, ulovli aravani boshqarib boruvchi shaxs tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Ta’kidlanganidek, yo‘l intizomiga rioya etmaydigan piyodalar soni ham keskin ortmoqda. 2023-yilda 300 mingdan ortiq yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari qayd etilgan. Shu bois qoidabuzar piyodalarga ham javobgarlikni og‘irlashtirish nazarda tutilmoqda.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini, yo‘l-transport hodisalarining oldi olinishi hamda yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash orqali fuqarolarning qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishiga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA