Hozirgi globallashuv jarayonida jinoyatchilik bir lokal chegara doirasidan o‘tib, dunyo bo‘ylab keng tarqalmoqda. Shu bilan birga, jinoyatchilar tomonidan jinoyatni sodir etishda foydalanadigan yangi vositalar va turli moliyaviy sxemalardan dunyoning bir chekkasida foydalanilsa, qisqa muddatda dunyoning boshqa chekkasida qo‘llanilib, jinoyatlar sodir etilmoqda.

Shunga ko‘ra, sud ekspertiza tadqiqotlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar doimiy ilmiy izlanishda bo‘lishi, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda fuqarolarning talab va ehtiyojini qanoatlantirish maqsadida yangi ekspertiza tadqiqotlari, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tadbiq etish hamda sud ekspertlari malakasini yanada oshirish choralarini ko‘rishi, o‘z faoliyatlarini zamon talablariga mos xalqaro standartlarga muvofiqlashtirib borishi muhim hisoblanadi.

Bu borada esa, sohaviy xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish orqali sud ekspertiza faoliyati oldida turgan yangi muammolarni tezkor hal etib borish bugungi kunda juda dolzarb hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori sud-huquq tizimining muhim bo‘g‘inlaridan sanalgan sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Prezidentning tegishli farmon va qarorlari asosida sohadagi normativ hujjatlar yanada takomillashtirilib, sud eksperti kadrlarining kasbiy malakasini oshirish, sohani zamonaviy, yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlash, sud ekspertizasi jarayoniga advokatlar hamda nodavlat sud ekspertlari ishtirokini ta’minlash orqali odil sudlovni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilning 18-19-aprel kunlari X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspetiza markazi tomonidan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatga qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Xalqaro hamkorlikning sud ekspertizani takomillashtirish va rivojlantirishdagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada shular xususida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbirni o‘tkazishdan maqsad sud ekspertizasi sohasida xalqaro hamkorlikning o‘rni va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, xalqaro sud-ekspertiza tashkilotlarining ilg‘or tajribani joriy etish instituti sifatidagi ahamiyatini muhokama qilish, bu borada uni yanada takomillashtirish maqsadida tavsiyalar ishlab chiqish uchun munozara maydonini yaratish, respublikada sud ekspertizasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xorijiy hamkorlar e’tiboriga yetkazish bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi sud ekspertizasi tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar, shuningdek, xorijiy davlatlarning ekspert muassasalari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha samarali takliflar ishlab chiqish belgilangan.

Anjuman davomida konferensiya ishtirokchilari yurtimizda davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Olmos” konvension markazida tashkil etilgan “Adolat bog‘i”ga ko‘chat ekishdi.

“Adolat bog‘i”ga adliya vaziri Akbar Toshqulov, Sud ekspertiza xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti Yanko Kolev, Osiyo sud ekspertiza tarmog‘i (AFSN) vitse-prezidenti Halimah binti Abdul Rahim xonim, AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik va boshqa xorijiy ekspertlar tomonidan daraxtlar ekildi.

Bundan tashqari, sud ekspertiza imkoniyatlarini ochib beruvchi ixtisoslashtirilgan asbob-uskuna va jihozlarning ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Shuningdek, ko‘rgazma jarayonida YTH voqea joyini ko‘zdan kechirish jarayoni taqdimot tarzda namoyish etildi.

Konferensiya davomida adliya vaziri Akbar Toshqulov Sud ekspertiza xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti doktor Yanko Kolev, Osiyo sud ekspertiza tarmoqlari vitse prezidenti Halimah binti Abdul Rahim xonim, Turkiya Adliya vazirligi huzuridagi Sud tibbiyot instituti prezidenti Xizir Asliyukseklar hamda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xeniklar bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. O‘zaro hamkorlikni yanada takomillashtirish, sud ekspertlarining malakasini oshirish, birgalikda yangi sud ekspertiza tadqiqotlarini olib borish va sohani rivojlantirish bo‘yicha kelishib olindi.

Shu bilan birga, konferensiyaning ikkinchi kunida X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida sud ekspertlari uchun Xorijiy mutaxassislar ishtirokida “Raqamli sud ekspertizasining yangi tendensiyalari” va “Sud ekspertizasida DNK tahlili usullarining dolzarbligi” mavzulari bo‘yicha master-klasslar o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021 – 2025-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi va uning ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 – 2023-yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Bunda “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

2022-yilda qabul qilingan tegishli qonun bilan mamlakatimizda ilk bor iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritishda advokatga davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat so‘rovi bilan ekspertiza o‘tkazish tashabbusi huquqi berildi. Bu o‘z navbatida sudda tortishuv instituti to‘laqonli ta’minlanishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida sud ekspertlarining malakasi va huquqiy bilimlarini zamon talablari darajasida oshirish maqsadida o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘quv markazida davlat sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirish, yangi tashkil etilayotgan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini ham qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari o‘quv markazida “Elektron ta’lim platformasi” axborot tizimi joriy qilinib, sud ekspertlarini ishdan ajralmagan holda masofaviy o‘qitish ishlari ham tashkil etilgan.

Bundan tashqari, sud-ekspertiza sohasida dual ta’lim prinsipi bo‘yicha sud ekspert kadrlarni qayta tayyorlash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi.

Farmon asosida respublikamiz tarixida ilk marotaba markazda Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati tashkil etilib, Markaz huzurida yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy kengash tuzildi. Ilmiy kengashda “Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi” ixtisosligi bo‘yicha dissertatsiyalar himoyasini o‘tkazishga ruxsat berildi.

Shu bilan birga, Hukumatning tegishli qarori bilan davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan 51 turdagi sud ekspertizasi tadqiqotlari ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur yangilik jismoniy va yuridik shaxslarga o‘z huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishda sud ekspertiza imkoniyatlaridan keng foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Bundan tashqari, sud ekspertlarining faoliyatini reyting tizimida baholab borish tartibi belgilandi, shuningdek, Adliya vazirligi huzuridagi Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Sud-ekspertiza faoliyatiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan “Sud ekspertizalari hisobi tizimi” joriy etilib, aholiga sud-ekspertlik sohasiga doir ma’lumotlarni tezkor yetkazish maqsadida “sudexpert.uz” axborot portali, ekspertiza uchun taqdim etilgan ashyoviy dalillarni identifikatsiyalash dasturi faoliyatga tatbiq etildi.

Sud ekspertlari va ekspertiza to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, ularga ishlov berish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish, ekspertiza harakatlarini amalga oshirishga aloqador tashkilotlar bilan axborot hamkorligining barcha turlarini ta’minlashga mo‘ljallangan “E-ekspertiza” elektron axborot tizimi ishga tushirildi.

Mazkur elektron tizim ishga tushishi natijasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar va sud ekspertiza muassasalarining o‘zaro hujjat aylanishida va uni xavfsizligini ta’minlashda ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Samarqand viloyatida Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi va Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalari, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida esa Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyalari ishga tushirildi.

Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi Markaz tarkibida 2000-yilda Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, hozirgi kunda ham mamlakatimizda yagona ushbu turdagi tadqiqotlarni o‘tkazadigan laboratoriya hisoblanadi.

Hozirda mazkur laboratoriyada sud genetik DNK ekspertizasi tadqiqotlarida noma’lum shaxsni identifikatsiya qilish, turli jinoyat ishlari bo‘yicha taqdim etilgan ashyoviy dalildagi biomaterialni aynan kimga tegishli ekanini aniqlash, biologik ota-onalik fakti, Y-xromosoma tadqiqotlari orqali ota avlod bo‘yicha o‘zaro biologik qarindoshlikni aniqlash va biomaterialning jins mansubligini aniqlash kabi vazifalar hal etilmoqda.

DNK tahlillaridan yanada keng va samarali foydalanish uchun ayrim toifadagi shaxslarning, xususan potensial jihatdan jinoyatlarni sodir etishga moyilligi bo‘lgan shaxslar DNK profillarining ma’lumotlar bazalarini yaratish maqsadida Markazda “DNA expert” avtomatlashtirilgan dasturiy kompleksidan iborat bo‘lgan DNK ma’lumotlar bazasi ishlab chiqilgan. Hozirda laboratoriya ma’lumotlar bazasiga bir necha turkumlar bo‘yicha jami 40 mingdan ziyod genotiplar kiritilgan.

So‘ngi besh yil ichida ushbu baza yordamida nafaqat bizning mamlakatimizda, balki yaqin xorij davlatlarida shaxsga qarshi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan o‘ta xavfli jinoyatchilarning hamda shaxsi noma’lum murdalarning shaxsi aniqlandi.

O‘zA