Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi respublika ishchi guruhi xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarning borishi bilan tanishish va aholi bilan bevosita muloqot qilish maqsadida hududlarga tashrif buyurmoqda.

Ishchi guruhning Qashqadaryo viloyatiga tashrifida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, aholi turmush farovonligi, “mahalla yettiligi” hamda mahalliy kengashlar faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

T.Norboyeva Koson tumanida Xalq deputatlari Koson hamda Muborak tumani kengashi deputatlari bilan uchrashuvda asosiy e’tibor mamlakatimiz Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan kelib chiqadigan vazifalarga qaratildi. Xususan, mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishda deputatlik nazorati institutidan samarali foydalanish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini o‘rnatish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Shu bilan birga, aholi muammolarini aniqlash va bartaraf etishda “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Qarshi tumani “Yertepa” mahalla fuqarolar yig‘inida “mahalla yettiligi” bilan o‘tkazilgan uchrashuvda aholining iqtisodiy holatini yaxshilash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalladagi muammolarni aniqlash va hal etishda o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Aholi, ayniqsa, xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, mehnat faoliyatini kengaytirish istagidagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va tizimli hal etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Jumladan,  ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida moliya muassasalari tomonidan biznes loyihalar tayyorlangani, ularni amaliyotga tatbiq etish uchun kredit mablag‘lari ajratilishi aytib o‘tildi.  Bundan tashqari, ishlash istagidagi ayollarni kooperatsiya asosida tadbirkorlarga biriktirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Koson tumani “Mesit” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “mahalla yettiligi” bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida Senat Raisi xotin-qizlar bandligini ta’minlash yo‘nalishida banklar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik, birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xodimning aholi bilan manzilli ishlashi lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

T.Norboyeva “O‘rta Obron” mahalla fuqrolar yig‘ini Yoshlik ko‘chasida turar-joy bilan ta’minlangan ehtiyojmand oilalarning turmush sharoitlari, bandlik darajasi bilan qiziqdi, ular bilan samimiy suhbat qildi. Ushbu oilalarning daromad manbalarini oshirish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar holati tanqidiy muhokama qilindi.

Amaliy tashrif doirasida Kasbi tumanining Qamashi qishlog‘idagi Obod mahalla markazida viloyatning tuman va shaharlari hokimlari o‘rinbosarlari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshliqlari hamda tijorat banklari vakillari bilan muloqot o‘tkazildi. Unda xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi  “Qirsadaq” mahallasi namunasi asosida ishlab chiqilgan yangi tizimni Qashqadaryo viloyatida yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.

Bunda, ishsiz, ishlash istagidagi xotin-qizlarni ularning imkoniyat va ehtiyojlarini aniqlash ishlari sust olib borilayotgani qayd etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab berildi. Xususan, xonadonbay o‘rganish ishlariga tijorat banklarini va mutasaddi tashkilot vakillarini jalb etish lozimligi ta’kidlandi.

O‘rganish natijalaridan kelib chiqqan holda ishsiz va daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi xotin-qizlarni mavjud bo‘sh hamda yangi yaratilgan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish, jamoat ishlariga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

O‘rganishlar davomida aniqlangan tibbiy, psixologik, ijtimoiy yordamga muhtoj xotin-qizlarga manzilli yordam ko‘rsatish, ijtimoiy yordamga muhtoj ayolning muammosi to‘liq hal etilgunga qadar uning nazoratini yo‘lga qo‘yish va zarur holda qo‘shimcha yordam ko‘rsatilishini ta’minlash lozimligi alohida qayd etildi.

Tashrif doirasida viloyatdagi qator korxonalar faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.  Kasbi tumanidagi loyiha qiymati 2,2 million dollar bo‘lgan «SULTON TEX GROUP» xususiy korxonasida ayni paytda 500 nafar ish o‘rni yaratilgan.

Koson tumani Mesit mahallasidagi “Bunyodkor” paxta-to‘qimachilik klasteriga tegishli tikuvchilik korxonasida paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning to‘liq sanoat «zanjiri» yaratilgan. Turkiya va Italiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan mazkur korxona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Yuqori sifatli kiyim-kechaklar eksportga ham yo‘naltirilmoqda.

320 nafar ish o‘rni yaratilgan korxona mutasaddilari va xodimlari bilan suhbat jarayonida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan ayollarni ish bilan ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Qarshi shahridagi «Buyuk Turon» kichik sanoat zonasi Senat Raisining  navbatdagi tashrif manzili bo‘ldi. Bu yerda «S-Smart» brendi ostida so‘nggi avlod televizorlarini ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishildi. Vohada yagona bo‘lgan korxona mahsulotlari mahalliy bozorda talabgor bo‘lishi bilan birga, xorijga ham eksport qilinmoqda. Bu yerda xotin-qizlarning elektronika sohasida ishlayotgani va mahalla yoshlari ham ish bilan ta’minlangani alohida e’tirof etildi. Shuningdek,  shu kabi korxonalar ko‘paysa, aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti yanada yaxshilanishi ta’kidlab o‘tildi.

Senat Raisi Qashqadaryo viloyatiga amaliy tashrifi doirasida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash yo‘nalishida vohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdi. Xususan, Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyati filialida bo‘lib, muassasa faoliyati bilan tanishdi, shifokor va bemorlar bilan suhbatlashdi.

Shiforkorlar bilan kechgan muloqot jarayonida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, xotin-qizlar va ularning reproduktiv salomatligini tiklash, erta tug‘ruqlarning oldini olish, dunyoga kelgan va tug‘ilajak go‘daklar va ularning onalariga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida markaz va uning tumanlardagi filiallarida olib borilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.

Viloyatda 2023-yilda 95,2 ming nafar homilador ro‘yxatga olinib, 102,3 ming tug‘ruq qayd etilgan bo‘lsa, 7 mingga yaqin homiladorlar birlamchi tibbiy muassasada hisobga turmasdan tug‘ruq muassasalariga borgan.

Suhbat davomida onalar va bolalar salomatligi uchun mas’ul bo‘lgan soha xodimlari oldida turgan vazifalarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida “tibbiyot brigadalari” o‘zlariga biriktirilgan hududlarda homilador ayollarni aniqlashi, ularni hisobga olish va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishini tashkil etishi, homilador ayollar holatini doimiy monitoring qilib borish, tug‘uruqdan keyingi davrda ona va bolaning davriy patronajini olib borishi lozimligini ta’kidladi.

Umuman, tibbiyot muassasalarida o‘tgan muloqotlar jaryonida davolash ishlariga ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, zamonaviy tibbiy texnologiya va metodologiyalarni jalb qilish, tibbiyot xodimlarining doimiy ravishda malaka va ko‘nikmalarini oshirib borish, bunda ilg‘or xorijiy tibbiyot muassasalari bilan o‘zaro tajriba almashish masalalariga e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Senat Kengashining navbatdagi sayyor majlisi Qashqadaryo viloyatida o‘tkazildi va unda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosi muhokama qilindi.

So‘zga chiqqanlar viloyatda ushbu yo‘nalishda qator natijalarga erishilganini alohida ta’kidladi.

Xususan, keyingi 7-yilda Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash natijasida yalpi hududiy mahsulot 1,3 barobarga, sanoat ishlab chiqarishi 1,5 barobarga, qurilish ishlari 1,5 barobarga va xizmatlar 1,9 barobarga oshgan.

Ushbu davrda 5,2 ming km. ichimlik suvi tarmoqlari tortilishi natijasida ichimlik suvi ta’minoti 29,8 foizdan 59,4 foizga yetkazilgan. 7,7 ming km. uzunlikdagi ta’mirtalab yo‘llar holati yaxshilandi, 480 ga yaqin ko‘p qavatli uylar qurilib foydalanishga topshirilgan.

2023-yilda investitsiya dasturlari doirasida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha 836 million dollarlik 1 ming 340 ta loyiha ishga tushirilgan. 377 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan.

Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 391,6 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi  25 turdagi mahsulot ishlab chiqarilgan. Hududiy bandlik dasturi doirasida doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish o‘rinlarida o‘tgan yilda 474 ming aholining bandligini ta’minlashga erishilgan.

Muhokama jarayonida senatorlar hududda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar va o‘z yechimini kutayotgan muammolarga ham e’tibor qaratdi. Xususan, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, investitsiyalarni jalb qilish, eksport prognozi ko‘rsatkichlari ijrosini ta’minlashda ayrim tumanlarda ishlar yetarli darajada tashkil etilmagan. Jumladan, 2023-yilda Dehqonobod tumanida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, Kitob, Mirishkor, G‘uzor va Qarshi tumanlarida esa asosiy kapitalga investitsiyalar hajmida o‘sish sur’atlari ta’minlanmagan. Eksport prognozi ko‘rsatkichlari Muborak, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlarida atigi 50-55 foizga bajarilgan.

2023-yilda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyatini boshlagan 7,5 mingta subyektning 36 foizi faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan. Ushbu ko‘rsatkich Kitob, Koson, Ko‘kdala va Chiroqchi tumanlarida yuqori. Bu holatning sababi tahlil qilinib tegishli choralar ko‘rilmagan.

Bo‘sh turgan davlat obyektlariga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish ishlari samaradorligi ham past. Auksion savdolariga chiqarilgan 130 ga yaqin bo‘sh turgan binolar 3 oydan ortiq vaqt mobaynida sotilmagan. Joriy yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, soliq to‘lovchilarning byudjet oldidagi muddati o‘tgan qarzdorligi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga oshgan.

Majlisda senatorlar tomonidan viloyatda xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish, past quvvatda ishlayotgan sanoat korxonalari bilan ishlash, investitsiyalar jalb qilish, eksport hajmini oshirish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, muqobil energiyani joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalarning o‘rnatilishi yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar mas’ul vazirlik va idoralarga ko‘rsatib o‘tildi hamda qator takliflar bildirildi. Mahalliy byudjet daromadlari barqarorligini ta’minlashda iqtisodiy kompleks rahbarlarining mas’uliyatini oshirish, faoliyati to‘xtab qolgan tadbirkorlik subyektlarining muammolarini bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni qabul qilish, ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish hamda bu borada mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish shular jumlasidandir.

N.Abduraimova, O‘zA