Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” koʻrgazmalar majmuasida eng yirik mintaqaviy tadbirlardan biri – “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.

Toʻrtinchi bor tashkil etilgan mazkur tadbir mintaqa davlatlarida savdo-sanoat kooperatsiyasini rivojlantiradigan muhim voqea, qator muammolarni hal etish, jumladan yangi sanoat texnologiyalarini ommalashtirish va korxonalar sherikligini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashadigan muhim platformadir.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi hamkorligida uyushtirilgan koʻrgazma “Markaziy Osiyoda sanoat kooperatsiyasi: mintaqaviy yoʻnalish” mavzusidagi yalpi majlis bilan boshlandi. Yigʻilishni Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev hamda RF Bosh vaziri oʻrinbosari, sanoat va savdo vaziri Denis Manturov ochib berdi.

Qayd etilganidek, soʻnggi bir necha yil ichida olib borilgan tizimli saʼy-harakatlar tufayli Markaziy Osiyo butun dunyodan yirik sarmoyadorlar jalb qilinayotgan hududga aylandi. Mintaqamizning yuqori malakali yoshlaridan tortib, noyob texnologik merosigacha boʻlgan iqtisodiy bazasi barqaror rivojlanish uchun qudratli start maydonchasi sifatida eʼtirof etilmoqda.

Oʻzbekiston va Rossiya strategik iqtisodiy sherikligi yil sayin rivojlanmoqda. RF kapitali umumiy hajmi 13 milliard dollardan oshgan respublikamizda 3000 dan ortiq Rossiya bilan qoʻshma korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda, Rossiyada esa Oʻzbekiston rezidentlari ishtirokida 600 dan koʻp kompaniya roʻyxatga olingan. Sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi, mintaqalararo savdo va boshqa jabhalarni qamrab olgan keng koʻzlamli iqtisodiy hamkorlik dasturi amalga oshirilishi natijasida 2023-yil umumiy savdo hajmi 10 milliard dollarga yetdi.

Mazkur yirik koʻrgazma ham davlatlarimiz oʻrtasidagi iqtisodiy aloqani yanada rivojlantirish, ishbilarmon doira vakillari hamkorligini chuqurlashtirish uchun muhim maydon hisoblanadi.

Bu gal Toshkentda 10 mingdan koʻp ishtirokchi, 450 ga yaqin xorijiy kompaniya va 27 davlatdan delegatsiya toʻplangani anjumanga qiziqish tobora ortayotganidan dalolat.

– Koʻrgazmaga metalldan yasalgan mebel va yuk mashinasi uchun ehtiyot qismlar bilan ishtirok etyapmiz, – deydi “Elektra” kompaniyasi bosh direktori Ilya Poletayev. – Mahsulotlarimizga qiziqish yuqori. Oʻzbekistonlik bir necha tadbirkor bilan hamkorlik yuzasidan kelishib oldik. MDH davlatlari ishbilarmon doira vakillari bilan muloqot oʻtkazyapmiz, fikr va tajriba almashyapmiz, juda koʻp yangiliklardan bahramand boʻlyapmiz. Eʼtirof etish kerak, tadbir juda yuqori saviyada tashkil etilgan. Bu ikki davlat iqtisodiyoti uchun ham muhim voqea.

Xalqaro va hududlararo munosabat izchil rivojlanishi ham kuzatilmoqda. Ochiq savdo, investitsiya, transport kommunikatsiyasi maydoni shakllanmoqda, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda, hududlar aro, madaniy-gumanitar aloqa aloqa kengaymoqda.

Metallurgiya, energetika, neft-kimyo, farmatsevtika va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalar amalga oshirish kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi. Shu bilan birga qishloq xoʻjaligida kooperatsiyani rivojlantirish istiqboli alohida tahlil qilindi. Bunda innovatsion qishloq xoʻjaligi texnologiyasi, qayta ishlash korxonalari, mahsulot saqlash terminali va rivojlangan logistika tizimiga ega qoʻshma agrosanoat klasterlari tashkil etish nazarda tutildi.

Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekistonga investitsiya kiritish, loyihalarni hayotga tatbiq qilish va rivojlantirish, shuningdek boshqa davlatlar bozoriga eksport qilish uchun yaratilgan keng imkoniyatdan foydalanish boʻyicha yaratilgan qulay sharoit eʼlon qilindi.

Toʻqimachilik sanoatida hamkorlikni faollashtirish zarurligiga ham eʼtibor qaratildi. Ishlab chiqaruvchi va chakana sotuvchilarga oʻzaro manfaatli fyuchers shartnomasi tuzish imkonini beruvchi elektron savdo maydonchasi yaratish istiqbolli ekani qayd etildi. Toʻqimachilik korxonalari mahsulotlari namoyish qilinadigan doimiy qoʻshma koʻrgazmalar tashkil etish ham bu borada muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.

Yalpi majlis yakunida masʼullar pavilyonlarni koʻzdan kechirishdi, xorijiy delegatsiyalar vakillari yetakchi ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilgan turli innovatsion mahsulotlar bilan tanishdi.

Birinchi kun dasturida “Markaziy Osiyoda sanoat kooperatsiyasi: hududlarga eʼtibor”, “Alyuminiy yechimi asosida tarmoqlar aro integratsiya”, “Neft va gaz sanoatida texnologik hamkorlik: eng yaxshi amaliyot, kadrlar, investitsiya”, “Yashil chiroq: ekologik toza transport rivoji tizimni va turizm sanoatini qanday oʻzgartirmoqda?” kabi mavzularida munozara boʻlib oʻtdi.

Koʻrgazma doirasida B2B formatidagi uchrashuvlar ham oʻtkazilib, ishtirokchilar mustahkam aloqa oʻrnatish, yangi loyihalar va kelgusi hamkorlik istiqbolini muhokama qilishdi.

24-aprelgacha davom etadigan mazkur nufuzli tadbirda Oʻzbekiston, Rossiya, Xitoy, Belarus, Qozogʻiston davlatlari milliy stendlari, 60 ga yaqin kompaniya ekspozitsiyasi, hududlar burchaklari namoyish etilmoqda.

Goʻzal Sattorova,

Nosirjon Haydarov (surat),

OʻzA