22-aprel kuni poytaxtimizda “Butunjahon Yer kuni”ga bag‘ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish xalqaro institutining (IWMI) O‘zbekistondagi vakolatxonasi, “Sirdaryo” suv havzasi birlashmasi, Ekoharakat hamda Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.

Iqlim o‘zgarishining suv resurslariga ta’siri muhokama qilingan seminarda mahalliy va xorijiy mutaxassislarning mavzu yuzasidan ma’ruzalari tinglandi. O‘zbekiston ekologik harakati Markaziy kengashi Ijroiya ko‘mitasi raisi, senator Boriy Alixonov mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish, Orol fojeasining mintaqaga ta’siri xususida to‘xtalib o‘tdi.

Seminarda ta’kidlanganidek, suv tanqisligi yer degradatsiyasi va qurg‘oqchilik jiddiy iqtisodiy, ijtimoiy hamda ekologik muammo bo‘lib, dunyo mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan 100-yilda atigi 0,5-2 sm. unumli tuproq qatlami hosil bo‘ladi. Bunday qatlamni suv eroziyasi 20-30-yildayoq yuvib ketishi mumkin.

O‘zbekiston o‘ziga xos iqlim sharoiti sababli tuproq sho‘rlanishi, ko‘chib yuruvchi qumlarning tarqalish xavfi, chang bo‘ronlari va qurg‘oqchilik muammolariga duch kelmoqda. Qishloq xo‘jaligida yaroqli yer maydonlarining kamligi yer-suv manbalaridan foydalanishning samarador yangi yo‘nalishlarini izlab topishni taqozo etadi. Shu bois agrar sektorda suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Tadbirda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolari havzasidan samarali suv taqsimoti” WE-ACT loyihasining asosiy vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari va maqsadlari muhokama qilindi. Ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar havzalarida suv taqsimoti uchun iqlimga sezgir qaror qabul qilish tizimini yaratishni taklif qiladi.

Tadbir ishtirokchilari Sirdaryo, Norin va Qoradaryo suv havzalari misolida transchegaraviy daryolar suv havzalarida suv resurslarining integratsiyalangan boshqaruvini tashkil etish bo‘yicha to‘plangan tajriba bilan tanishtirildi.

Shuningdek, seminar davomida Markaziy Osiyo mintaqasida transchegaraviy suv hamkorligini yanada rivojlantirish, Sirdaryo havzasida suv resurslarini samarali taqsimlash, suv resurslarini boshqarishning moliyaviy jihatlari muhokama qilindi.

Anjuman ishtirokchilari Markaziy Osiyoning tog‘li hududlari iqlim o‘zgarishi ta’siriga ko‘proq uchrashini alohida ta’kidladi. Shu munosabat bilan suvni jamiyat va iqtisodiyotning muhim tarmoqlari o‘rtasida taqsimlash, suv tariflarini to‘g‘ri belgilash, qishloq xo‘jaligi va energetikada suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha to‘g‘ri qarorlar qabul qilish zarur.

Biroq, hozirda iqtisodiyotning jadal rivojlanishi va aholi sonining o‘sishi, shuningdek, Markaziy Osiyoning asosiy transchegaraviy daryolari havzalarida gidrologik rejimlarning iqlim ta’sirida o‘zgarishi tufayli bu tobora murakkab vazifaga aylanib bormoqda.

Seminar ishtirokchilari guruhlarga bo‘lingan holda olib borilgan ishlar natijalarini, kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarga oid masalalarni muhokama qildi.

 Muhtarama Komilova, O‘zA