O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-19-aprel kunlari davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘ldi.

Oliy darajadagi muzokaralar natijasida tarixiy hujjat – Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi mamlakatlarimizning ikki tomonloma strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatini chuqurlashtirish yo‘lidagi ortga qaytmas yo‘nalishga sodiqligini tasdiqladi.

O‘zA muxbiri Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi Nurmuhammad Baxtiyorovning tashrif yakuni xususidagi fikrini yozib oldi:

– Tashrif davomida bir necha muhim tadbir, jumladan Xotin-qizlar va rektorlar forumlari, O‘zbekiston kinosi kunlari, ziyolilar, olim va tarixchilar anjumanlari, milliy taomlar va turizm salohiyati festivali, “Made in Uzbekistan” mahsulotlar ko‘rgazmasi, shuningdek biznes-forum tashkil etildi.

O‘zbekiston va Tojikiston munosabatining bugungi holati ko‘p qirrali hamkorlik rivojiga xos jadal va ilg‘or xususiyatni yaqqol namoyon etadi. Zero, 2017-yildan buyon birgalikdagi sa’y-harakat natijasida o‘zaro munosabatni tubdan isloh qilish, ochiqlikni ta’minlash va faol amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga erishildi.

Qisqa vaqt ichida mamlakatlarimiz salmoqli natijalarga erishdi. Xususan, davlat chegarasi masalasi hal qilindi, ikki davlat fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim joriy etildi, 17 nazorat-o‘tkazish manzili keng ko‘lamli faoliyatini tikladi, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Tojikiston hukumatlararo komissiyasi hamraislari maqomi Bosh vazirlar darajasiga ko‘tarildi.

Iqtisodiy hamkorlikning yuqori o‘sish sur’ati nafaqat o‘zaro tovar ayirboshlash miqdori bir necha barobar ortishi, balki iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma korxonalar tashkil etish faollashuvida ham aks etmoqda. Shu tariqa 2017-yil atigi 17 ta bo‘lgan ikki davlat hududidagi qo‘shma korxonalar soni hozir 370 tadan oshgan.

Tojikistonda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan qo‘shma loyihalarga misol sifatida “Zilol-teks” ip-kalava va tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, “Artel” maishiy texnika mahsulotlari, “Talko-Krantas” maxsus kommunal va qurilish transportini yig‘ish va ishga tushirish korxonalarini keltirish mumkin.

Joriy yil mart oyida Dushanbe shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha aniq dastur va loyihalar, qishloq xo‘jaligi, energetika va suv resurslari, transport, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalardagi sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Uchrashuvda ko‘p qirrali ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladigan Zarafshon daryosida ikkita gidroelektr stansiyasini birgalikda qurish loyihasini jadallashtirish va O‘zbekiston – Tojikiston sanoat-savdo zonasi faoliyati shartlari to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitimni imzolashga kelishildi.

Shu bilan birga O‘zbekiston Prezidentining Dushanbe shahriga tashrifi chog‘ida ikki davlat iqtisodiy hamkorligi yangi istiqbolini ochadigan hujjatlarlar imzolangani alohida e’tiborga molik.

Qabul qilingan bitim, bayonnoma, “yo‘l xarita”lari va boshqa hujjatlar mavjud sheriklikni yangi bosqichga ko‘taradi. Eng muhimi, bu amallar, hech shubhasiz, ikki qardosh xalqning tub manfaatlariga to‘la javob beradi.

Umuman, bu galgi tarixiy tashrif ko‘p qirrali sheriklikni izchil rivojlantirish, iqtisodiy taraqqiyotning yangi cho‘qqilariga birgalikda ko‘tarilishga intilishni isbotladi.

Samarali natijalar O‘zbekiston – Tojikiston iqtisodiy hamkorligining harakatlantiruvchi kuchiga aylanib, o‘zaro tovar ayirboshlash miqdori oshishi, mamlakatlar o‘rtasidagi sanoat va sarmoyaviy aloqa mustahkamlanishiga xizmat qiladi. O‘z navbatida, Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.

O‘zA