Qatarda U23 yosh toifasida o‘tayotgan Osiyo kubogining dastlabki chorak final juftliklari aniq bo‘ldi.
Aniqrog‘i, musobaqaning «B» va «S» guruhlarida navbatdagi bosqichni qo‘lga kiritgan terma jamoalar nomi aniq bo‘ldi. Jumladan, «B» guruhida BAA va Xitoy yoshlar terma jamoasi bahsi 1:2 hisobida yakunlangan bo‘lsa, Yaponiya hamda Janubiy Koreya termalari o‘rtasidagi o‘yinda 0:1 hisobi qayd etildi.
Shuningdek, «S» guruhida kutilmagan holat yuz berdi. Guruhda unchalik o‘yini qovushmagan Tojikiston uyga quruq ketishni istamadi va chorak final ostonasida turgan Tailandni 1:0 hisobida yenggan bo‘lsa, Saudiya Arabistoni kutilmaganda Iroq olimpiya terma jamoasiga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Shu tariqa, «B» guruhida Janubiy Koreya 9 ochko bilan, Yaponiya 6 ochko bilan chorak finalga chiqdi. Endi 1/4 final bosqichida Qatar – Yaponiya, Janubiy Koreya – Indoneziya bahsiga guvoh bo‘lamiz.
«S» guruhida esa Iroq va Saudiya Arabistoni termalari 6 ochkodan to‘plagan holda pley-offga yo‘l oldi. Ularning raqibi bugun «D» guruhida aniqlanadi.
Biz uchun ahamiyatli bo‘lgan «D» guruhida Toshkent vaqti bilan soat 20:30 da O‘zbekiston va Vetnam terma jamoalari guruh g‘olibligi, to‘g‘rirog‘i, chorak finaldagi raqib tanlash borasida bellashadi. Ikkinchi o‘yin esa Malayziya hamda Quvayt termalari o‘rtasida o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, hozirda olimpiyachilarimiz guruhda Vetnam bilan bir xil 6 ochko to‘plagan va gollar nisbatiga ko‘ra, O‘zbekiston birinchi o‘rinda. Bugungi o‘yinda terma jamoamiz mag‘lub bo‘lsagina chorak finalda Iroq bilan o‘yin o‘tkazadi. Qolgan har qanday natija Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuv tomon olib boradi.
Temur Kapadze qo‘l ostidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoamiz har qanday raqibga qarshi yuqori saviyada o‘ynay oladi. Shu o‘rinda, terma jamoamiz tarkibiga Abbosbek Fayzullayev kelib qo‘shildi va jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA