Buyuk Britaniya tashqi ishlar bo‘yicha davlat kotibi Lord Devid Kemeron Tojikistonga keldi, deb xabar tarqatdi “Xovar” agentligi mamlakat TIV ma’lumotiga tayanib.

Tashrif davomida Kemeron Prezident Emomali Rahmon qabulida bo‘ladi, tashqi ishlar vaziri bilan uchrashadi. Muzokara chog‘i tomonlar o‘zaro munosabatdagi joriy vaziyat hamda kelgusi hamkorlik istiqboli, shuningdek, mintaqaviy muammolar bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishi kutilyapti.

***

GFR kansleri Olaf Shols Gannover yarmarkasi ochilishida so‘zga chiqib, jumladan, shunday dedi:

– Qazib olinadigan yonilg‘i davri nihoyasiga yetayotgani barchamizga oydek ravshan. Bu sanoat jarayoni o‘zgarayotganini bildiradi.

***

Yaponiya hozirgi kungacha Ukrainaga 12 milliard dollarga teng yordam ajratdi, – dedi hukumat bosh kotibi Yosimasa Xayasi jurnalistlar bilan uchrashuvda.

– Biz Ukrainada adolatli va doimiy tinchlik o‘rnatilishi uchun eng avvalo AQSH va G7 mamlakatlari, shuningdek sherik davlatlar bilan hamjihat harakat qilishda davom etamiz, – degan mulozim.

***

Falastin tezkor xizmati tomonidan G‘azo sektori Xon-Yunis shahridagi “Nosir” tibbiyot majmuasi hududida 180 kishi ommaviy ravishda ko‘milgani aniqlandi, deb xabar tarqatdi “Al Jazeera” telekanali.

***

Xitoy tinchlikni hurmat qiladi, hech bir mamlakat bilan sovuq yoki qaynoq urushga kirishish niyatida emas, shu bilan birga suvereniteti buzilishini ham istamaydi, deya bayonot berdi XXR Markaziy harbiy kengashi raisi o‘rinbosari Chjan Yusya.

– Xitoyning hududiy suvereniteti kamsitilmasligi kerak, mamlakatning tub manfaati bahsga sabab bo‘lmasligi kerak, – dedi u Tinch okeani g‘arbiy qismi harbiy-dengiz kuchlari XIX simpoziumi majlisida so‘zga chiqib.

***

Qorabog‘dan olib chiqilgan Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga tashlanishi mumkin, dedi “Bild” nashri harbiy tahlilchilari. Ta’kidlanishicha, xavotir shundan iboratki, o‘nlab yangi BTR-82A texnikasi bilan ta’minlangan ushbu kontingent Ukrainaga jo‘natilishi mumkin.

***

Suriya Prezidenti Bashar Asad: “Hozirgi zamon siyosatchilari strategik fikr yuritmaydi, ular oldilarida turgan joriy vazifani hal qilmoqda, biroq so‘zi uchun javob bermaydi. Muloqot qilishim mumkin bo‘lgan biror siyosatchi yo‘q!”

***

Qozog‘istonning shimoliy va g‘arbiy mintaqalari suv toshqinidan zarar ko‘rayotgan bir paytda janubda tabiiy yong‘in boshlandi. Olmaota viloyatida yonayotgan qamishzor va qurib qolgan shox-shabba hududi qariyb 20 gektarga yetdi. “Tengri.news” yozishicha, ofat boshlangan joylar botqoq bo‘lgani hamda kuchli shamol esayotgani bois yong‘inni bartaraf qilish qiyin bo‘lyapti.

***

Germaniya hukumati joriy yil I chorakda 5,2 milliard dollarlik qurol eksportiga ruxsat berdi, umumiy miqdorning 74 foizi Ukraina hissasiga to‘g‘ri keladi, deyiladi Moliya vazirligi saytida e’lon qilingan xabarda.

– Ukraina nemis qurolining asosiy xaridori bo‘lib qolmoqda, – deydi vazirlikning iqtisodiyot va iqlimni himoya qilish bo‘yicha davlat kotibi Sven Gigold.

Ma’lumotda keltirilishicha, GFR qurol eksporti qiymati 2023-yildagi 2,4 milliard yevro bilan solishtirganda ikki barobar oshgan.

S.Rahimov,

O‘zA