Har yil dunyoning 50 dan ziyod mamlakatida 22-aprel kuni Xalqaro Yer kuni nishonlanadi. Shu munosabat bilan Toshkentda “Yer degradatsiyasiga qarshi kurashishning intensiv va innovatsion yechimi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis, vazirlik, idoralar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doira vakillari ishtirok etdi.

BMT Bosh Assambleyasi 63-sessiyasida tasdiqlangan Xalqaro Yer kuni hozirgi va kelajak avlodning iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik ehtiyoji o‘rtasida muvozanatga erishish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiat bilan uyg‘unlikka erishish muhimligini ta’kidlaydi.

Yurtimizda iqlim o‘zgarishi tufayli kuchayib borayotgan yer degradatsiyasiga qarshi kurashga jiddiy e’tibor qaratiladi. 2022-yil davlatimiz rahbarining “Yer degradatsiyasiga qarshi samarali kurash tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘ldagi muhim qadamdir. Mazkur hujjatda yer degradatsiyasiga qarshi kurashish va ushbu holatning salbiy oqibatini yumshatish, hududlarda cho‘llanish va qurg‘oqchilikning oldini olish, biologiya xilma-xilligini saqlash, tuproq unumdorligini oshirish, degradatsiyaga uchragan yerni qayta tiklash, ilg‘or ilmiy ishlanma, innovatsiyadan keng foydalanish asosida barqaror rivojlanishga erishish bo‘yicha qator muhim vazifalar belgilab berilgan.

FAO yurtimizda ayni yo‘nalishda qator loyihalar amalga oshiryapti. Global ekologiya jamg‘armasi (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi” – “FOLUR” va “O‘zbekistonning qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimida yaylov va o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihalari shular jumlasidan.

– O‘zbekistonning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasiga mos keladigan FOLUR dasturida asosiy e’tibor qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat tarmog‘ini modernizatsiya qilish, yer degradatsiyasini kamaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloqlarni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishga qaratilgan, – deydi loyiha muvofiqlashtiruvchisi Aziz Nurbekov. – Tashabbus, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi xavfsiz ovqatlanishi tizimini takomillashtirishga ham xizmat qiladi. To‘rt maqsad – Hukumatni me’yoriy-huquqiy baza doirasida qo‘llab-quvvalash, bug‘doy yetishtirish landshaftiga e’tibor qaratish, biologiya xilma-xilligi masalasini ko‘rib chiqish va mutaxassislar malakasini oshirishni nazarda tutadi.

Xalqaro anjuman munosabati bilan FAO va Qurg‘oqchil mintaqalarda qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) o‘rtasida bug‘doy yetishtirishda yer degradatsiyasi muvozanati va iqlim uchun xavfsiz agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Konferensiya doirasida yer degradatsiyasi muvozanatiga erishishga qaratilgan “O‘zbekistonning qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimida o‘rmon va yaylovni barqaror boshqarish” loyihasi texnik ishchi guruhi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.

Ishchi guruh a’zolari respublikamiz o‘rmonlari, qishloq xo‘jaligi yerlari va yaylovlar degradatsiyasining oldini olishga qaratilgan texnologiyani ko‘zdan kechirishdi. Yakunda mahalliy tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda, mutaxassislar tomonidan tanlab olingan agrotexnologiya ro‘yxati ishlab chiqilib, Buxoro va Navoiy viloyatlarining ikki tumanida sinovdan o‘tkaziladi va keyinchalik respublikaning boshqa hududlariga ham joriy qilinadi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA