Rossiya mamlakatida o‘tayotgan Jahon chempionatining 1-tur doirasidagi beshinchi kun o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. E’tiborli jihati, bu kunda boshqa kunlarga nisbatan birorta durang natija qayd etilmadi.
Vaholanki, bu kunda ham navbatdagi shov-shuvli voqea sodir bo‘lishiga bir bahya qoldi. Futbol vatani vakillari dastlabki turdayoq ochko yo‘qotishlari mumkin edi, biroq Tunis termasi bilan kechgan o‘yinning so‘nggi daqiqalaridagina inglizlar keynning boshi bilan urgan goli evaziga yutuqqa erishdi…
“F‘” guruhi. 18 iyun. 1-tur.
Guruhining bir kun oldin bo‘lib o‘tgan birinchi uchrashuvida Germaniya termasi Meksikaga mag‘lub bo‘lib, mundialning chinakam birinchi shov-shuviga sabab bo‘lgandi. Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda shvedlar qit’adoshlarimiz Janubiy Koreya termasiga qarshi to‘p surishdi. Xabaringiz bor, shvedlar Rossiyaga Italiyani “o‘yindan chiqargan” holda, terma jamoaning keyingi o‘n yildagi yorqin yulduzi Zlatan Ibragimovchsiz yetib kelishdi. Zlatan ikki yil avval saralash o‘yinlarida uch uchrashuvdan atigi bir ochko olganidan ko‘ngli to‘lmay termadagi faoliyatini tugatib qo‘ya qolgandi.
Jahon chempionatlarida to‘qqizinchi bor qatnashayotgan qit’adoshlarimiz Janubiy Koreya termasi bosh murabbiyi Sin Txe Yon dastlabki o‘yinga antiqa usul tanladi. U bir kun oldingi mashg‘ulotlarda raqiblarini chalg‘itish uchun futbolchilarning kiyimidagi raqamlarini almashtirdi. Sababi, u yevropaliklar osiyoliklarni faqat mana shu raqamlari orqali tanishlarini yaxshi bilardi.
Shvetsiyaliklar tanaffusga qadar gol urish ishtiyoqida bo‘ldilar, osiyoliklar esa o‘z omadlarini asosan qarshi hujumdan kutdilar. Ammo har ikkala jamoaning himoya chizig‘i ancha ishonchli o‘ynadi.
Shuni aytish joizki, jamoalar e’tiborlarini chiroyli o‘yin va natijaga qaratish o‘rniga ko‘p vaqtlarini qoida buzishga, jarimalar sonini ko‘paytirishga qaratgandek bo‘lishdi.
Uchrashuvning 62-daqiqasida g‘alati vaziyat yuzaga keldi. Shvetsiya futbolchisi jarima maydonchasi ichida yiqitildi. Bosh hakam vaziyatga yaqin turgan bo‘lishiga qaramay, o‘yinni davom etishini kuzatdi. Lekin ko‘p o‘tmay hushtak chalib o‘yinni to‘xtatdi. Unga video takrordagi yordamchilari xabar berishdi. Bosh hakam video takrorni ko‘rgach, qarorini o‘zgartirdi va penalti belgilandi. Grankvist penaltidan unumli foydalandi. Mazkur gol o‘yin oxirigacha yagonaligicha qoldi. Bir so‘z bilan aytganda, VAR tizimi shvedlarga qo‘l keldi.
SHVETSIYA – JANUBIY KOREYA (1:0). “Nijniy Novgorod” stadioni.
Bosh hakam: Joel Aguilar (Salvador).
Shvetsiya: Robin Olsen, Mikael Lustig, Pontus Yansson, Andreas Grankvist, Lyudvig Augustinsson, Viktor Klayesson, Sebastyan Larsson (Gustav Svenson, 81), Albin Ekdal (Oskar Xilemark, 71), Emil Forsberg, Ula Toyvonen (Isaak Kise Telin, 77), Markus Berg.
Janubiy Koreya: Kim Sin Gyu, Xyun So Jang, Pak Ju Xo (Kim Min Yu, 28) , Li Yong, Kim Yong Gvon, Ki Son Yon (Li Sin U, 72), Vuu Yang Jang, Xi Chan Xvang, Jay Sung Lii, Son Xyon Min, Kim Shin Vuk (Chon Yu Yon, 66).
Gol: Grankvist (65-penalti)
Ogohlantirishlar: Klayesson (61) – Kim Sin Uk (12), Xi Chan Xvang (55).
“G” guruhi. 18 iyun. 1-tur.
Mazkur guruhning ikkala o‘yini ham bo‘lib o‘tdi. Dastlab maydonga Belgiya va Panama termalari tushishdi.
Panama Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etmoqda. Ular saralashda AQSh termani ortda qoldirib, mundial yo‘llanmasini hal etgandi. Panama tarkibida Jahonning Top klublarida to‘p suruvchi taniqli futbolchining o‘zi yo‘q. Jamoaga esa mundial “mazasini” bir necha bor tatib ko‘rgan kolumbiyalik Ernan Gomes ustozlik qilmoqda. U o‘z davrida Kolumbiya va Ekvadorni mundialga yetaklab borgan. Ekvadorliklarning ilk bor Jahon chempionatiga olib borgan bosh murabbiy ham aynan Gomes bo‘ladi.
Belgiyaning tarkibi esa yulduzlar bilan to‘la. Shuning uchun ham ular uchrashuvning dastlabki daqiqalaridan tashabbusni o‘z qo‘llariga olishdi va hujumkor o‘yinni namoyish etishga o‘tishdi. Birinchi bo‘limda to‘p nazorati to‘liqligicha belgiyaliklar tomonida bo‘ldi, panamaliklar esa ikkinchi raqamda harakat qilishdi. Shunday bo‘lsa-da birinchi bo‘limda hisob ochilmadi.
Belgiyaliklarning mazmunli xatti-harakatlari ikkinchi bo‘lim boshidanoq isbotini ko‘rsata boshladi. Raqib himoyachisining bosh bilan qaytarib yuborgan to‘piga havoda ajoyib va kuchli zarba bergan Mertens darvozaning yuqori burchagini aniq nishonga oldi va supergol muallifiga aylandi.
Panamaliklar hujumkorlikni oshirishdi, o‘z omadini faqat Belgiya darvozasi oldidan qidirishga kirishdi. Ammo harakatlar beiz sovurildi, belgiyaliklar ikkinchi golini ham kiritishdi. “Manchester Siti” vakili De Bryuynening uzatmasidan so‘ng “Manchester Yunayted” hujumchisi Lukaku yaqin masofadan to‘pni boshi bilan urib, darvozaga aniq yo‘lladi. Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas Lukaku o‘zining ikkinchi, jamoadoshlarining esa uchinchi golini kiritdi. Shundan keyin panamaliklar taslim bo‘lganliklarini tan olishgandek bo‘lishdi.
BELGIYA – PANAMA (3:0) Sochi. “Fisht” stadioni.
Bosh hakam: Janni Sikazve (Zambiya)
Belgiya: Kurtua, Boyata, Vertongen, Mene, Alderveyreld, de Bryuyne, Ferreyra Karrasko (Dembele, 74), Vitsel (Shadli, 90), Azar, Mertens (Azar, 83), Lukaku.
Panama: Penedo, Torres, Devis, Murilo, Eskobar, Godoy, Gomes, Kuper, Barsenas (Torres, 63), Rodriges (Dias, 63), Peres (Texada, 73).
Gollar: Mertens (47), Lukaku (69, 75).
Ogohlantirishlar: Mene (14), Vertongen (59), de Bryuyne (88) – Devis (18), Barsenas (45), Kuper (49), Murilo (51), Godoy (57).
Futbol vatani vakillari anchadan buyon saralash o‘yinlarini ko‘ngildagidek o‘tkazib, turnirga favorit sifatida tashrif buyuradiyu, biroq final bosqichida ulardan omad yuz o‘giradi. Angliya termasi mundialdagi kam sonli termalar kabi, tarkibi faqat mamlakat premer-ligasi a’zolaridan iborat.
Tunisliklar besh marotaba Jahon chempionatida ishtirok etishgan, garchi har gal guruhdan chiqa olmagan bo‘lishsalarda, final bosqichida qatnashishning o‘zini katta yutuq deya hisoblashgan. Shuning uchun ham ularning bisotida deyarli g‘alabaning o‘zi yo‘q. So‘nggi bor yutuqqa erishganiga ham 40 yildan oshdi. Argentinada o‘tgan musobaqada tunisliklar ilk va so‘nggi bor g‘alabaga Meksika ustidan erishgandi.
Mazkur uchrashuvda tunisliklar 4-3-3, inglizlar esa 3-5-2 usuldan foydalanishdi.
Jamoalar hali bir-birlarini o‘rganib ulgurishmasidanoq inglizlar hisobni ochishdi. Yang tomonidan burchakdan oshirib berilgan to‘pga Stounz boshi bilan kuchli zarba berdi. Tunis posboni Hassan qiyinchilik bilan to‘pni qaytardi, ammo bu yerda hozir-u nozir bo‘lgan Keyn to‘pni osonlik bilan darvozaga yo‘llab qo‘ydi.
Shundan keyin Tunis termasi a’zolari o‘yin tizginini o‘z qo‘llariga olishga urinishdi, ammo barcha harakatlar besamar ketaverdi.
Nihoyat, tunisliklar penaltidan bo‘lsa-da hisobni tenglashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu pallada Uoker jarima maydonchasi ichida raqibini tirsagi bilan urib, yiqitdi. Bunday “lotoreyani” esa Sassi qo‘ldan chiqarmadi.
Hisob tenglashgach, inglizlar o‘yinni yanada kuchaytirishi kutilgandi, lekin bunday bo‘lmadi, aksincha, “yo‘qolib” qolgandek taassurot qoldirdi, faqat standart vaziyatlarga tayangan holda o‘ynadi. Uchrashuvning asosiy vaqti tugab qo‘shimcha daqiqalar belgilandi. Tunisliklarni g‘alabaga teng durang ham qanoatlantirardi, ammo qo‘ib berilgan daqiqaning birinchisida Keyn yana katta sahnaga chiqdi. Tunis himoyachilari Keynni e’tiborsiz qoldirishdi, Keyn esa yana boshi bilan gol urib, jamoadoshlari uchun o‘ta muhim bo‘lgan g‘alabani ta’minladi.
Uchrashuv statistlarining hisobiga ko‘ra, o‘yinda tunisliklar 92 km, angliyaliklar esa 90 kmdan ortiq yugurishibdi.
TUNIS – ANGLIYA (1:2) Volgograd. “Volgograd Arena” stadioni.
Bosh hakam: Vilmar Roldan (Kolumbiya).
Tunis: Assen (Ben-Mustafo, 15), Ben-Yusuf, Maalul, Bronn, Merya, Sliti (Ben-Amor, 74), Skiri, Xazri (Xalifa, 85), Sassi, Badri, Ben-Yusuf.
Angliya: Pikford, Uoker, Stounz, Yang, Maguayr, Alli (Loftus-Chik, 80), Lingard (Dayyer, 90), Sterling (Reshford, 68), Xenderson, Tripper, Keyn.
Gollar: Sassi (35-pen) – Keyn (11, 90).
Ogohlantirish: Uoker (33).
Oybek Yunusov
O’zA