Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov Oksford Islom tadqiqotlar markaziga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan taqdim etilgan yurtimiz tarixi, san’ati, madaniyati hamda milliy hunarmandchiligiga bag‘ishlangan kitoblarni hadya etdi.

Oksford Islom tadqiqotlar markazi 1985-yilda tashkil etilgan bo‘lib, islomshunoslik sohasida dunyodagi eng nufuzli ilmiy markazlardan biri sanaladi. Markaz vasiysi  Buyuk Britaniya qiroli Karl III hisoblanadi.

Islom olamisan’ati, gumanitar va ijtimoiy fanlar bo‘yicha tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, muassasalar o‘rtasida xalqaro akademik hamkorlikni rag‘batlantirish, ilmiy nashrlar orqali islom olamidagi zamonaviy tendensiyalarni yoritish markazning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.

Kitoblarni tantanali topshirish tadbiri Oksford Islom tadqiqotlar markazi kutubxonasida tashkilot rahbariyati va xodimlari ishtirokida o‘tkazildi. Yig‘ilganlarga yurtimiz boy merosi va tarixi haqidagi muhim ma’lumotlarni jamlagan mazkur kitoblar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Jumladan, “Temur tuzuklari”, “Buxoro islom olami madaniyati poytaxti”, “Sharq va G‘arb nodir asarlar jamlanmasi”, “The art history of Uzbekistan” va boshqa adabiyotlar haqida alohida ta’kidlandi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur nodir adabiyotlar O‘zbekiston tarixini yanada chuqurroq o‘rganish imkoniyatini taqdim etishini bildirdi.

Oksford Islom tadqiqotlari markazi direktori o‘rinbosari Jon Uilk O‘zbekiston rahbariyati jahon sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk islom allomalari me’rosini o‘rganish, asrab-avaylash va ommalashtirishga ko‘maklashish, shuningdek, islom dinining chinakam insonparvarlik mohiyatini xalqaro hamjamiyatga yetkazish sohasida olib borayotgan siyosatini yuksak baholadi.

-Biz O‘zbekiston haqidagi ajoyib kitoblar to‘plamini qabul qilib olganimizdan juda xursandmiz. Ushbu nodir asarlar markaz kutubxonasini yanada boyitadi. Markaz ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishdan doimo manfaatdor, deydi u.

O‘zA