“Toshkent” xalqaro aeroportida  yana bir rasmiy taksi xizmati ish boshladi. “Sixt Uzbekistan” brendi ostidagi “Avtobus Rent” kompaniyasi  E-auksion.uz  elektron platformasida o‘tkazilgan savdolar orqali tanlab olindi.

“Uzbekistan Airports” ma’lumotlariga ko‘ra, yangi taksi xizmatining ishlash tamoyili  faoliyat ko‘rsatayotganiga ikki yil bo‘lgan “Taxi Airport Tashkent” xizmatiniki kabi o‘xshash: yo‘lovchi uchib kelish zalidagi peshtaxta yoniga keladi, manzilni aytadi, menejer tarif bo‘yicha kilometrni hisoblaydi va xizmat haqini aytadi.

To‘lovni naqd pul yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan o‘sha yerning o‘zida yohud bevosita mashinada amalga oshirish mumkin. Kompaniya aeroportdagi faoliyat uchun bir nechta: “Standart”, “Komfort” va “Biznes” tariflarini taqdim etadi. Safarning minimal narxi 60 ming so‘mni tashkil etadi.

Taksi xizmati yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan ikki haftalik aksiya e’lon qildi. Bunda 15-aprel sanasigacha uchib kelgan barcha yo‘lovchilar “Komfort” tarifidan “Standart” tarifi narxlarida foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Taksi xizmati avtoparki Chevrolet, Toyota, Kia, Skoda, Hyundai, Golden Dragon kabi mahalliy va xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar bilan to‘ldirilgan. Zarurat paydo bo‘lganda yo‘lovchilar 6-19 o‘ringa mo‘ljallangan mikroavtobuslar berilishini so‘rashlari mumkin.

Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA