“Washington Post” gazetasi shaxsini oshkor etmagan amerikalik mulozimga tayanib yozishicha, AQSH hukumati Krasnogorskdagi teraktdan ikki hafta oldin Rossiya tomoniga “Krokus Siti Xoll” hujum nishoniga aylanishi mumkinligini aytgan.
– Ikki haftadan ko‘proq vaqt oldin AQSH hukumati rossiyalik davlat mulozimlariga Moskva yaqinida terrorchilar hujum uyushtirishi mumkinligi xususida xabar jo‘natgan, – deyiladi materialda. – Hujum nishoni “Krokus Siti Xoll” konsert zali bo‘lishi mumkinligi ham qo‘shimcha qilingan.
Avvalroq Oq uy vakili Jon Kirbi AQSH 7-mart kuni Rossiya maxsus xizmat idorasiga terror xuruji tayyorlanayotgani bo‘yicha yozma ravishda ogohlantirish berganini ma’lum qilgan, biroq ushbu ma’lumot aynan qanday faktlarga tayanilgani haqida hech nima deyilmagandi.
O‘tgan hafta Davlat departamenti rasmiy vakili Mettyu Miller ham Qo‘shma Shtatlar Rossiyani terror tahdididan bir necha bor ogohlantirgani to‘g‘risida bayonot berdi.
“New York Times” gazetasi Yevropa va Amerika xavfsizlik xizmati vakillariga tayanib, AQSH maxsus xizmati Rossiyaga, manbani oshkor qilib qo‘yishdan qo‘rqib, terror hujumi tahdidi bo‘yicha o‘zlarida mavjud ma’lumotni taqdim etmaganini yozdi.
“RIA Novosti” tarqatgan xabarga ko‘ra, RF Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin jurnalistlarga “Krokus Siti Xoll”ga terror xuruji ehtimoli yuzasidan Federal xavfsizlik xizmati AQSHdan muayyan, lekin o‘ta umumiylashgan ma’lumot olganini biildirdi.
– Haqiqatan Federal xavfsizlik xizmati AQSH maxsus xizmatidan ma’lum bir axborot olgan, – dedi mulozim RF Tashqi razvedka xizmati va Belarus Davlat xavfsizligi qo‘mitasi vakillari ishtirokidagi majlisdan so‘ng. – Afsuski, ma’lumot o‘ta umumiy ko‘rinishda bo‘lib, ushbu dahshatli jinoyatda kimlar ishtirok etishi mumkinligini to‘la oshkor etish imkonini bermagan.
S.Rahimov, O‘zA