G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida suv toshqini sabab favqulodda holat e’lon qilindi. Tegishli qarorni viloyat hokimi Nariman Turegaliyev imzoladi. Bu haqda Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari viloyat hokimligi matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Aytish joiz, hududda murakkab vaziyat yuzaga kelgan: Sirim, Terektin, Qorato‘bin, Burlin tumanlarida turar-joy binolarini suv bosdi.4 mingga yaqin odam ko‘chirildi, ularning yarmi bolalar. Toshqin qurbonlari uchun tezkor evakuatsiya markazi tashkil etilib, zarur sharoit yaratilmoqda.

Ayni payt Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati 5 viloyat suv toshqini zonasida qolayotgani, hokimliklar tomonidan 20 marta mahalliy miqyosda favqulodda holat e’lon qilingani haqida hisobot berdi. Oqto‘be, G‘arbiy Qozog‘iston va Kustanay viloyatlarida og‘ir vaziyat saqlanib turibdi.

Tabiiy ofat tufayli jami 15 786 kishi, jumladan 6187 nafar bola qutqarildi va evakuatsiya qilindi. Vaqtincha joylashtirish markazlarida 4 113 fuqaro uchun zarur sharoit yaratilgan.

Toshqin faol bosqichga o‘tmagan aholi manzillarida salbiy holatlarning oldini olish chorasi kuchaytirildi. Bu mamlakatning 11 viloyatidagi 46 aholi punktini suv oqimidan himoya qilish imkonini berdi. Afsuski, 5 hududda 1 405 xususiy turar-joy binosi, 372 xonadon, 99 dala hovli, 10 ta yirik inshootni suv qoplagan.

– Bu yil ilgari umuman qayd etilmagan hududlarda ham suv toshdi, – dedi Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov hukumat yig‘ilishida. – Shu munosabat bilan xalqdan hokimlik va maxsus xizmatlar xabariga jiddiy yondashish, mas’ullarni tinglash, ba’zi noqulayliklarni qabul qilishni so‘rayman. Bu odamlar hayotini saqlab qolishga yordam beradi.

Ikki kun avval Prezident Qosim-Jomart Toqayev raisligida toshqinga qarshi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, hodisa oqibatini bartaraf etish bo‘yicha Respublika shtabi yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.

– Vaziyat har dam keskinlashishi mumkin, – dedi yig‘ilishda davlat rahbari. – Asosiy vazifa insonlar qurbon bo‘lishining oldini olish. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan xulosa chiqarish kerak.

G.Sattorova,

O‘zA